date

Prezident: «Toshkent-Sharqiy» aeroport yangi strategik aviatsiya kabi ishga tayyor

Prezident: «Toshkent-Sharqiy» aeroport yangi strategik aviatsiya kabi ishga tayyor

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizida barpo etilgan yangi aeroportni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, loyihaning tayyor holatini baholadi. Mamlakatimiz taraqqiy etib, xalqaro nufuzi oshib borgan sari dunyo bilan aloqalar faollashmoqda, shu bois transport infratuzilmasining barcha yo‘nalishlarini mutanosib rivojlantirish choralari izchil amalga oshirilmoqda.

Strategik ahamiyatga ega ushbu loyiha — “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizidagi biznes aviatsiyasi majmuasi — 2017 yilda start olgan edi. Pandemiya va undan keyingi qiyinchiliklarga qaramay, ulkan inshootni qurib bitkazishga erishildi.

Yangi aeroport umumiy 561 gektar maydonni egallaydi. 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 3 ta harakatlanish yo‘li tubdan yangilanib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish quvvatiga ega bo‘ldi. 20 ta “havo kemasi”ga mo‘ljallangan perron barpo etildi. “Boeing 787”, “A320” kabi laynerlar, biznes-jetlar hamda vertolyotlar uchun maxsus angarlar qurilib, qishda iliq, yozda salqin saqlanishi va texnik xavfsizligi ta’minlanadi.

Infratuzilmaning qulay qismi sifatida VIP va CIP terminallar ham bunyod etildi. Oliy martabali mehmonlar zalida rasmiy kutib olish, muzokaralar va brifing o‘tkazishga zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Soatiga 100 nafar yo‘lovchini qabul qilish quvvatiga ega CIP terminalida do‘konlar va ovqatlanish joylari faoliyat ko‘rsatadi.

Muhimi, aeroport ICAO III-A toifasidagi ilg‘or radiotexnika va meteorologik uskunalar bilan jihozlanadi. Bu noqulay ob-havo sharoitida ham uchish va qo‘nish amaliyotlarini xavfsiz bajarishga imkon beradi.

Qulay joylashuvi tufayli yangi aeroport poytaxt va Yangi Toshkent uchun muhim transport xabiga aylanadi: xalqaro tashriflar, ishbilarmonlik safarlari amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar yanada yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy aloqalar, xizmat ko‘rsatish sohasi jadal rivojlanib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari inshootda jamoat faollari va nuroniylar bilan suhbatlashar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:
«Ko‘p yil tayyorgarlik qilib, mana shunday aeroport qurdik. Bu ham davlatchilikning yana bir zamini. Bu yerda yurtimizga keladigan mehmonlar va samolyotlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi. Natijada Toshkent xalqaro aeroportiga yuklama yengillashadi. Aeroport uchun ham boshqa joyda ulkan majmua qurishni rejalashtirganmiz. Umuman, hamma hududlarimizda katta-katta loyihalarni boshlaganmiz. Ilohim, tinchligimizga ko‘z tegmasin, yangi inshootlar, farovonlik xalqimizga buyursin».

Shunday qilib, “Toshkent-Sharqiy”dagi yangi aeroport nafaqat biznes aviatsiyasi uchun, balki mamlakatning global ochiqlik siyosati, xalqaro logistika va investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident: «Toshkent-Sharqiy» aeroport yangi strategik aviatsiya kabi ishga tayyor