date

Prezident Farmoni orqali agrosohada soliq tizimi yangilanadi

Prezident Farmoni orqali agrosohada soliq tizimi yangilanadi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yangi soliq islohoti amalga oshiriladi. Prezidentning “Qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni (PF–153-son, 04.09.2025 y.) qabul qilindi. Bu hujjat mamlakat agrar sohasi uchun katta yangilik sifatida baholanmoqda.

Farmonning asosiy maqsadi – 2026–2027 yillarda qishloq xo‘jaligida rasmiy tovar aylanmasini kamida 3 baravar oshirish. Bu orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qonuniy yo‘l bilan sotish ko‘lamini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va soha rivojini tezlashtirish rejalashtirilgan.

2026 yil 1 yanvardan qator yangiliklar amalga kiritiladi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni sotishda QQSning “nol” stavkasi joriy etiladi. Bu degani, dehqon va fermerlar mahsulotlarini bozorga chiqarishda ortiqcha soliq to‘lamaydi va bu ularning daromadini oshiradi.

Shuningdek, QQS summasini qoplash va qaytarish jarayonlari ham soddalashtiriladi. Ya’ni ishlab chiqaruvchilar uchun qaytarish jarayoni avtomatlashtirilgan holda uch kunda amalga oshiriladi. Ilgari bu jarayon haftalar, hatto oylab davom etgan bo‘lsa, yangi tizim fermerlar uchun katta yengillik yaratadi.

Farmonda yana bir muhim qoida belgilangan – tovarlarni yetkazib berish zanjiri bo‘yicha elektron hisobvaraq-fakturalar xavf darajasiga qarab real vaqt rejimida tahlil qilinadi. Bu tizim orqali soxta hujjatlar va soliqdan qochish holatlari keskin kamayishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident Farmoni orqali agrosohada soliq tizimi yangilanadi