O‘zbekistonda tamaki mahsulotlari kontrabandasiga qarshi kurash keyingi oylarda yanada kuchayganiga qaramay, bozor va ko‘chalarda noqonuniy sigaretalar erkin sotilayotgani barcha jamoatchilikni o‘ylantirmoqda.
Huquq-tartibot idoralari so‘nggi haftalarda bir necha yirik partiyalarni qo‘lga kiritgani haqida ma’lum qilmoqda. Masalan, Farg‘ona vodiysida 22 foizga yetgan noqonuniy mahsulot ulushi davlat budjetiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, yetti oy ichida qariyb 286 milliard so‘m yo‘qotishga olib kelgan. Shundan 115 milliard so‘mdan ortiq qismi Farg‘ona vodiysi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Mutasaddilar ma’lumotlariga ko‘ra, noqonuniy mahsulotlar orasida eng ko‘p tarqalayotgani BAAning Jebel-Ali zonasida ishlab chiqarilgan “Milano” brendi hisoblanadi. Bu qutilarda tibbiy ogohlantirishlar yo‘qligi O‘zbekiston texnik reglamentlari talablariga ziddir.
Namanganda o‘tkazilgan tadbirda 11 mingdan ortiq qutilar, jumladan “Milano” va “Esse Change” sigaretalari hamda yuzlab elektron tamaki vositalari musodara qilindi. Ularning umumiy qiymati 215 million so‘mdan ziyod ekani qayd etildi. Samarqand va Toshkent viloyatida ham minglab qutilar qo‘lga kiritildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hisobotlarida poytaxtda bir oyda noqonuniy mahsulotlar ulushi 7 foizdan 11,8 foizga ko‘tarilgani qayd etilgan.
Eng xavflisi, kontrabanda sigaretalarda ko‘rsatilgan va asl tarkibdagi moddalar miqdori bir-biridan keskin farq qiladi. Masalan, “Milano London” qutisida 1 mg smola va 0,1 mg nikotin deb ko‘rsatilgan bo‘lsa, laboratoriya tahlillari bu ko‘rsatkichlarni 3,1 mg va 0,2 mg qilib aniqlagan. “Oris Fusion Mint”da esa ko‘rsatkichlar ikki barobargacha farq qilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holat faqat odamlar sog‘lig‘iga emas, balki butun iqtisodiyotga ham jiddiy xavf soladi. Shu bois, reydlar va musodaralar bilan cheklanish yetarli emas. Muammoning ildizini yo‘qotish uchun kontrabanda mahsulotlarini mamlakatga kiritish yo‘llarini to‘liq yopish, bozorlarni tozalash va barcha vakolatli idoralar o‘rtasida muvofiqlashtirilgan tizimli kurash tashkil etish zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!