Chorvoq suv ombori hududida kelgusi yildan boshlab nafaqat qirg‘oq qismida, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri suv maydonida ham tartib va xavfsizlik ustidan nazorat olib boriladi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun o‘tkazilgan maxsus press-tur doirasida ma’lum qilindi, deb xabar berdi SputnikUzbek muxbiri.
Ta’kidlanishicha, oxirgi yillarda mamlakatga kelayotgan xorijliklar soni keskin ortib bormoqda. Xususan, 2025 yilning yanvaridan iyuligacha bo‘lgan davr mobaynida O‘zbekistonga 7,4 milliondan ziyod chet el fuqarolari tashrif buyurgan. Ular orasida qariyb 950 ming kishi aniq sayyohlik maqsadlarida safar qilgan.
Turizm politsiyasi ham shu davrda bir qator muhim vazifalarni bajardi:
- 257 ta xalqaro delegatsiyaning xavfsizligini ta’minladi;
- 67,7 mingdan ziyod sayyohga turli yo‘nalishlarda, asosan yo‘l ko‘rsatish va tibbiy masalalar bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, transport xavfsizligi bo‘linmalari ham o‘z faoliyati davomida salmoqli natijalarga erishdi. Xususan, 10 ta jinoyat fosh etildi, 70 nafar bedarak yo‘qolgan shaxs aniqlanib, topib berildi hamda 405 ta xavfli buyum musodara qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!