date

Chet til o‘qituvchilariga sertifikatsiz ishlashga vaqtinchalik ruxsat berildi

Chet til o‘qituvchilariga sertifikatsiz ishlashga vaqtinchalik ruxsat berildi

Joriy yilning 15 sentyabr kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qabul qilingan maxsus buyruq bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun yangi imtiyozlar belgilandi. Unga ko‘ra, kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2025 yil yakuniga qadar o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishga ruxsat berildi. Bu qaror o‘qituvchilarning ishdan ayrilmasligi va ta’lim jarayonining uzluksizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Buyruqda ta’kidlanishicha, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari, shu jumladan, sertifikat talabiga javob bermaydiganlar ham, 2025 yilning yakuniga qadar o‘z ishlarini davom ettirishi mumkin. Shu bilan birga, sertifikatlari o‘z amal qilish muddati davomida tugaydigan o‘qituvchilar ham yakunlanadigan o‘quv yilining so‘ngiga qadar ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur qoidalar asosida vakant lavozimlarga oliy ta’lim muassasalarida xorijiy tillar o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan 3-4-kurs talabalari ham jalb qilinadi va ulardan kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

Vazirlik shuningdek, 1 dekabrga qadar milliy va xalqaro sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik jarayonida kvalifikatsiyali mutaxassislar qatnashishi bilan qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishini belgiladi. Bu chora-tadbirlar orqali sertifikatga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarning malakasi yanada oshiriladi va ularning ta’lim jarayonida samarali faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari xalqaro til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatmaslik bo‘yicha vazirlikka taklif kiritgan edi. Bu yangilik pedagoglar uchun katta imtiyoz bo‘lib, ularning mehnat faoliyatini himoya qiladi va maktablarda ta’lim sifati uzluksizligini ta’minlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Chet til o‘qituvchilariga sertifikatsiz ishlashga vaqtinchalik ruxsat berildi