Mamlakatda tadbirkorlar uchun soliq tizimida qator yangiliklar amalga oshirilmoqda. Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil davomida tadbirkorlik subyektlariga jami 42,7 milliard so‘m miqdorida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) keshbek sifatida qaytarib berildi.
Qayd etilishicha, 2025 yil 25 sentyabr holatigacha turli sohalarda faoliyat yuritayotgan korxonalar davlat tomonidan belgilangan tartibda QQSni qaytarib olish imkoniyatidan foydalanishdi. Xususan, 36 ta turoperatorga 1,6 milliard so‘m, 152 ta mehmonxonaga 7,3 milliard so‘m, 575 ta umumiy ovqatlanish korxonasiga 31,4 milliard so‘m hamda 65 ta chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga 2,3 milliard so‘m miqdorda keshbek qaytarilgan.
Muhimi shundaki, keshbek olish huquqi faqat jismoniy shaxslarga emas, balki yuridik shaxslar – ya’ni korxonalarning o‘zlariga ham taalluqli. Bu esa tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha moliyaviy yengillik yaratib, ayniqsa kichik va o‘rta biznes faoliyatini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, QQSni keshbek sifatida qaytarish mexanizmi asosan turizm sohasi va mehmonxona biznesi, umumiy ovqatlanish korxonalari, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi xo‘jaliklar uchun amal qiladi. Bu tizim tadbirkorlarning aylanma mablag‘larini to‘g‘ridan to‘g‘ri biznesga yo‘naltirish imkonini bermoqda.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, mamlakatda maxsus ro‘yxatdan o‘tgan QQS to‘lovchilar soni 232 565 taga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,6 foizga ko‘pdir.
Eng ko‘p QQS to‘lovchilar savdo sohasida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 81,9 mingtaga yetgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida 48,1 ming va sanoat sohasida 27,8 ming to‘lovchi faoliyat yuritmoqda.
Mutaxassislar fikricha, soliq tizimida bunday mexanizmlarning joriy qilinishi tadbirkorlik muhitini yaxshilash va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. QQS keshbeki esa biznes uchun soliq yukini yengillashtirish bilan birga, ularning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan muhim vositaga aylanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!