O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktyabr kuni telefon orqali muloqotda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonni tavallud kuni bilan samimiy qutladi. U davlat rahbariga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, birodar Tojikiston xalqiga farovonlik va bardavom ravnaq tiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Tojikiston Prezidentining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi o‘rnini qayd etib, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini alohida ta’kidladi.
Telefon orqali muloqot davomida oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi va kun tartibi ham ko‘rib chiqildi. Bu muloqot davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik va strategik hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam sifatida baholandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!