Oʻzbekiston prezidenti 2025 yil 24 oktabr kuni Bryussel shahriga rasmiy tashrif buyuradi. Safar doirasida Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim (KSHHB) imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Ushbu hujjat siyosiy muloqot, savdo va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashi hamda islohotlar va barqaror rivojlanish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlashi rejalashtirilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, bitim ikki tomonning islohotlar yoʻlidagi intilishini, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalqaro maydondagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatini tasdiqlaydi. Shuningdek, mazkur kelishuv joriy yil noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” investitsiya forumi kabi tashabbuslar uchun muhim zamin yaratadi.
KSHHB Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda zamonaviy huquqiy asos boʻlib xizmat qilishi kutilmoqda. U savdo, iqtisodiyot, fan, taʼlim, ekologiya va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi yoʻnalishlarda kengaytirishi koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi taʼkidlashicha, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim 1996 yilda imzolangan ilk shartnomaning oʻrnini bosadi va bu mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini namoyon etadi. “Ushbu hujjat mamlakatimiz soʻnggi yillarda siyosiy, iqtisodiy va institutsional jihatdan qay darajada oldinga siljiganini koʻrsatadi”, — deyiladi vazirlik izohida.
Ekspertlar fikricha, bu kelishuv nafaqat Yevropa bilan munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi, balki Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini ham oshiradi. Bryussel bilan imzolanadigan hujjat mamlakatni global iqtisodiy jarayonlarga yanada chuqurroq integratsiya qilishga xizmat qiladi.
Yangi bitim — bu nafaqat siyosiy qadam, balki Oʻzbekistonning islohotlar, ochiqlik va barqaror rivojlanish yoʻlidagi qatʼiy qadamlari tasdigʻidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!