date

Korrupsiyaga qarshi yangi tizim: davlat idoralari qattiq nazorat qilinadi

Korrupsiyaga qarshi yangi tizim: davlat idoralari qattiq nazorat qilinadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni parlament va xalqqa qilgan murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashishda keskin va prinsipial yangi bosqich boshlanishini e’lon qildi. Davlat rahbari bu illatni mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi eng xavfli to‘siq sifatida baholab, unga nisbatan murosasiz pozitsiyani ochiq-oydin bildirdi.

Prezident ta’kidlaganidek, korrupsiya adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradi, jamiyatda ishonch muhitini yemirib, islohotlarga jiddiy zarba beradi. Shu sababli 2026 yil mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishda “favqulodda yil” sifatida belgilanadi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, agar bu illat bartaraf etilmasa, belgilangan iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlarga erishish qiyinlashadi, xalqaro hamjamiyat ishonchi esa susayadi.

Yangi tizimga muvofiq, barcha davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun mas’ul bo‘lgan o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Shuningdek, Hisob palatasi vakillari faoliyati ham tizimli ravishda yo‘lga qo‘yiladi. Prezident har bir idora shaxsan tekshirilishini, hech kimga yoqmasa ham haqiqat ochiq aytilishini qat’iy ta’kidladi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, yangi tizimga tayinlanadigan rahbarlar nopok amaldorlarni aniqlash, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarini barvaqt oldini olish uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. Barcha nazorat ishlari bo‘yicha Prezidentga to‘g‘ridan to‘g‘ri hisobot beriladi.

Shavkat Mirziyoyev davlat mablag‘larining har bir so‘mi uchun shaxsiy javobgarlik kuchaytirilishini alohida urg‘uladi. Uning ta’kidlashicha, “lavozimim bor, menga hech kim tegmaydi” degan qarash O‘zbekistonda mutlaqo o‘rinsiz. Qonun oldida barcha teng bo‘ladi.

Ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank tizimi, yirik davlat kompaniyalari, vazirliklar va hokimliklar — birorta idora yoki tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmati faoliyatiga to‘sqinlik qilgan shaxslar korrupsiyaga sherik sifatida baholanadi va javobgarlik ham shunga yarasha bo‘ladi.

Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmatiga ushbu tizimni 1-yanvardan boshlab barcha davlat idoralarida to‘liq ishga tushirish va “jilovni mahkam qo‘lga olish” vazifasi yuklatildi. Endi poraxo‘rlik yoki suiiste’molchilikka oid har bir holat bo‘yicha axborot to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentga yetkazib boriladi.

Ma’lumot o‘rnida, Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmatiga 2025 yil iyul oyidan buyon Erkin Yo‘ldoshev rahbarlik qilib kelmoqda. U ilgari Toshkent shahri prokurori va Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Yangi tizim davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, u korrupsiyaga qarshi kurashda keskin burilish nuqtasi bo‘lishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Korrupsiyaga qarshi yangi tizim: davlat idoralari qattiq nazorat qilinadi