Insonni eng tez semirtiruvchi 10 ta mahsulot ma’lum qilindi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Inson organizmida tez vazn ortishiga sabab bo'luvchi asosiy omillar yuqori kaloriya, oddiy uglevodlar, tozalangan shakar hamda to'yingan yog'larga boy mahsulotlardir.
- Mutaxassislar fast-fud, shirin ichimliklar, shirinliklar, mayonez, chipslar, oq non, qayta ishlangan go'sht, shirin sutli mahsulotlar, muzqaymoq va energetik ichimliklarni ratsiondan chiqarib tashlash yoki cheklashni tavsiya etadi.
Ko‘pchilik ortiqcha vazn to‘plash faqat ko‘p ovqat yeyishdan kelib chiqadi deb o‘ylaydi, biroq muammoning asosiy sababi — taomlarning sifati va tarkibidadir. Inson organizmini eng tez va oson vazn yig‘ishga majbur qiluvchi ozuqalar — bu yuqori kaloriya, oddiy uglevodlar, tozalangan shakar hamda to‘yingan yog‘larga boy mahsulotlardir.
Bu turdagi yeguliklar iste’mol qilinganda qondagi glyukoza va insulin miqdori bir zumda ko‘tarilib, olingan ortiqcha energiya to‘g‘ridan to‘g‘ri yog‘ zaxirasiga yo‘naltiriladi.
Tanada tez yog‘ to‘plovchi TOP-10 mahsulot
Mutaxassislar ratsiondan chiqarib tashlash yoki keskin cheklash tavsiya etiladigan asosiy omillarni sanab o‘tdi:
Fast-fud va qovurilgan taomlar (burger, kartoshka fri): Trans-yog‘lar va yuqori kaloriya uyg‘unligi sababli teri osti va ichki a’zolar atrofida juda tez yog‘ qatlamini shakllantiradi;
Gazlangan shirin ichimliklar va tayyor sharbatlar: «Suyuq kaloriyalar» miyaga to‘qlik signalini bermaydi, tarkibidagi ulkan miqdordagi shakar esa jigarda tez fursat ichida yog‘ga aylanadi;
Shirinliklar va pishiriqlar (tort, keks, konfet): Oliy navli oq un va shakarning birikmasi insulin gormonini keskin oshirib, vazn ortishini tezlashtiradi;
Mayonez va do‘kon souslari: Salat yoki taomga qo‘shilgan kichik bir osh qoshiq mayonez ovqatning umumiy kaloriyasini bir necha barobarga oshirib yuboradi;
Chipslar va suxariklar: Yuqori miqdordagi tuz tanada ortiqcha suv to‘planishiga (shishlar paydo bo‘lishiga) olib keladi, tez hazm bo‘luvchi uglevodlar esa tez semirtiradi;
Oq non va xamirli mahsulotlar: Tarkibida foydali kletchatka (o‘simlik tolalari) bo‘lmagani uchun qonga tez singib, ochlik hissini juda tez qaytaradi;
Qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari (sosiska, kolbasa): Ularning tarkibida ko‘zga ko‘rinmaydigan yashirin yog‘lar, konservantlar va ishtahani sun’iy ochadigan ta’m kuchaytirgichlar bisyor;
Shirin sutli mahsulotlar (glazurlangan pishloqchalar, shirin yogurtlar): Foydali sut mahsuloti niqobi ostida sotiladigan bu yeguliklarda shakar miqdori oddiy konfetlardan qolishmaydi;
Muzqaymoq: Yuqori foizli qaymoq (hayvon yog‘i) va shakarning mukammal kombinatsiyasi semirish uchun eng xavfli manbalardan biridir;
Energetik ichimliklar: Katta kaloriya va shakar dozasidan tashqari, ular organizmdagi tabiiy metabolizm (moddalar almashinuvi) ritmini izdan chiqaradi.
To‘g‘ri va sog‘lom vazn yig‘ish qoidasi
Agar vazningiz kam bo‘lib, semirishni yoki mushak massasini oshirishni istasangiz, buni zararli mahsulotlar bilan emas, balki tabiiy ozuqalar orqali amalga oshirish kerak.
Ratsionga yong‘oqlar, tabiiy go‘sht va baliq mahsulotlari, banan hamda suli bo‘tqasi (ovsyanka) kabi ozuqaviy qiymati yuqori, foydali mineral va oqsilga boy mahsulotlarni kiritish salomatlikka ziyon yetkazmasdan sifatli vazn olishni ta’minlaydi.































Izohlar 0
…