
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ichimlik suvi narxi atrofida savollar ko‘paydi. Asosiy sabab oddiy: suvning haqiqiy tannarxi bilan aholi
to‘laydigan tarif o‘rtasidagi farq yil sayin oshib bormoqda. Mutaxassislar bu holat uzoq davom etmasligini ochiq aytyapti.
Amalda suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflari qonun asosida belgilanadi. Tarif takliflari avval jamoatchilik muhokamasidan o‘tadi, tegishli moliya va monopoliyaga qarshi organlar xulosasi olinadi, shundan keyin mahalliy kengashlar tomonidan tasdiqlanadi. Ya’ni narxlar bir kunda, yashirincha oshirib yuborilmaydi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, tariflarni qayta ko‘rib chiqishdan asosiy maqsad — suv sifati va xizmat darajasini yaxshilash, eski infratuzilmani yangilash hamda tizimning barqaror ishlashini ta’minlash. Bunda elektr energiyasi, ish haqi, reagentlar, ta’mirlash xarajatlari va soliqlar kabi omillar inobatga olinadi.
Eng katta bosim esa elektr energiyasi narxidan kelib chiqyapti. 2023 yildan buyon tok deyarli ikki barobar qimmatladi. Natijada 1 kub metr suv tannarxida ish haqi taxminan 30 foizni, elektr energiyasi esa qariyb 19 foizni tashkil qilmoqda. Shu bilan birga, suvni uzoq masofalarga nasoslar orqali yetkazish ham xarajatni oshiryapti.
Bugun respublika bo‘yicha markazlashgan tarmoq orqali yetkazilayotgan ichimlik suvining 1 litri o‘rtacha 3–4 so‘m atrofida. Bu do‘konlarda sotilayotgan qadoqlangan suvdan ming marta arzon. Shunga qaramay, tariflar vaqtida yangilanmagani sabab ayrim hududlarda suv korxonalari katta moliyaviy zarar ko‘rmoqda.
Taqqoslash uchun aytsak, O‘zbekistonda 1 kub metr ichimlik suvi narxi jahon miqyosida eng arzonlaridan biri hisoblanadi. Shu bois mutaxassislar fikricha, yaqin kelajakda tariflarni bosqichma-bosqich qayta ko‘rib chiqish ehtimoli yuqori.
Qisqasi, suv qimmatlashishi mumkin, lekin bu jarayon aholini qiynab qo‘yish uchun emas, balki tizimni saqlab qolish va sifatni oshirish uchun kerak. Odamlar esa bir narsani aniq bilishi kerak: arzon suv — doimiy emas, barqaror ta’minot esa qimmat turadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.