Arizona universitetini oltin medal bilan bitirgan ikki o‘zbekistonlik talabalar

“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari Abdulaziz Vaxabov va Samandar Erkinov AQSHdagi Arizona universitetini eng yuqori natijalar bilan yakunlab, akademik yutuqlari uchun oltin medallar bilan taqdirlandi. Ular universitetning eng sara bitiruvchilari qatoriga kiritildi.
Ma’lum qilinishicha, Abdulaziz Vaxabov o‘qishni “Honors degree” darajasida tamomlab, oliygohda “qizil diplom”ga teng hisoblanadigan eng yuqori akademik mukofot — oltin medalni qo‘lga kiritgan. Bitiruv marosimida u sahnada minnatdorchilik so‘zlarini aytgan va O‘zbekiston rahbariyatiga ham murojaat qilgan.
Eller College of Management bitiruvchisi Samandar Erkinov esa “Iqtisodiyot” yo‘nalishida Economics Outstanding Senior — “yilning eng yaxshi bitiruvchisi” unvoniga sazovor bo‘lgan. U mazkur yo‘nalishda joriy yilda berilgan yagona medalni olgan va marosimda mehmonlarni o‘zbek tilida qutlab, nutq so‘zlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!