O‘zbekistonliklarga vaziyat barqarorlashguncha chet elga chiqishni kechiktirish tavsiya etildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, tijorat, dam olish va boshqa turdagi xorijiy safarlarni vaziyat barqarorlashgunga qadar vaqtincha kechiktirib turishni tavsiya qildi.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, mintaqadagi keskinlik kuchayishi hamda ayrim davlatlar havo hududidan foydalanishga joriy etgan vaqtinchalik cheklovlar tufayli xalqaro aviaqatnovlarda o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin. Bu reyslarning bekor qilinishi yoki kechikishi, tranzit yo‘nalishlarning yopilishi va boshqa tashkiliy qiyinchiliklarga olib kelishi ehtimoli bor.
"Shu munosabat bilan fuqarolarga xavfsizlikni ta’minlash hamda o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Yaqin Sharq yo‘nalishidagi ziyorat, tijorat, dam olish va boshqa xorijiy saflarni vaziyat barqarorlashgunga qadar vaqtincha kechiktirib turish tavsiya etiladi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, chet elda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga vaziyatga nisbatan ehtiyotkor va hushyor bo‘lish, gavjum joylarga bormaslik, mahalliy qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish hamda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turish tavsiya qilingan.
TIV, shuningdek, xorijga safarni rejalashtirishda rasmiy manbalarda e’lon qilinayotgan yangiliklarni muntazam kuzatib borishni so‘ragan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!