O‘zbekistonda yoshlarning bandligi bo‘yicha yangi tadqiqot e’lon qilindi

O‘zbekistonda yoshlarning bandligi bo‘yicha yangi tadqiqot e’lon qilindi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi 2025 yil yakunlari bo‘yicha yoshlar bandligiga oid tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan aholining 33,2 foizi NEET toifasiga kiradi. Bu toifaga rasmiy ish joyiga ega bo‘lmagan, ta’lim olmayotgan va biror kasbni o‘rganmayotgan yoshlar kiritiladi.

Tadqiqotda ayollar va erkaklar o‘rtasidagi farq katta ekani qayd etilgan. Ayollar orasida NEET ko‘rsatkichi 48,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, erkaklarda bu raqam 19,4 foiz bo‘lgan. Ayollar uchun asosiy to‘siqlar sifatida erta nikoh va uy-ro‘zg‘or ishlarining katta yuki ko‘rsatilgan.

Kam ta’minlangan oilalarda yoshlarning o‘qimasligi va ishlamasligi bilan bog‘liq ko‘rsatkich 53,9 foizga yetgan. Daromadi yuqori oilalarda esa bu daraja 32 foizni tashkil qilgan.

Hududlar kesimida eng murakkab vaziyat Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida qayd etilgan. Eng yaxshi ko‘rsatkich Toshkent shahrida kuzatilgan.

Tadqiqot mualliflari ta’lim tizimi bilan mehnat bozori talablari o‘rtasida jiddiy tafovut borligini ta’kidlagan. Mamlakatning demografik imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun ayollarning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash va kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish tavsiya etilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar