16:03 / 04.10.2018
11 681

Endi bir kunda Toshkentda vaqtinchalik “propiska”ni olish mumkin

Энди бир кунда Тошкентда вақтинчалик "прописка"ни олиш мумкин
“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi mutaxassislari Toshkentda vaqtinchalik propiskani olish usullari haqida maʼlumot berishdi.

Oʻzbekiston viloyatlarida yashayotgan va roʻyxatdan oʻtgan fuqarolarining koʻp qismi hayotida hech boʻlmaganda bir marta Toshkent shahrida vaqtincha roʻyxatdan oʻtish muammosiga duch kelgani shubhasiz.

Koʻpchilikda ish, oʻqish yoki ishga aloqador safarlar munosabati bilan muayyan vaqt oraligʻida boshqa bir shaharda yashash ehtiyoji tugʻiladi. Toshkent shahriga vaqtincha keluvchi fuqaroning shaharda boʻlish muddati 5 kundan oshmasa, roʻyxatdan oʻtish talab qilinmaydi.

Agar ushbu muddat 5 kundan ortiq boʻlishi moʻljallangan boʻlsa, 5 kun oraligʻida vaqtincha roʻyxatdan oʻtish uchun mahalliy ichki ishlar boʻlimiga ariza berilishi lozim. Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 fevraldagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududlarida vaqtinchalik va doimiy roʻyxatdan oʻtish haqida”gi 41-son qarorida bayon qilingan.

Ichki ishlar vazirligining statistik maʼlumotlariga koʻra Toshkent shahrida bir yil davomida oʻrtacha 500 000 nafar fuqaro vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtadi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyuldagi “Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3126 sonli qaroriga koʻra, 2018 yil 1 aprelda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) “Toshkent va Toshkent viloyatlarida roʻyxatdan oʻtish” xizmati test tariqasida ishga tushirildi.

Toshkent shahrida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtishning anʼanaviy usuli

Vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtish uchun Toshkent shahrining muayyan tumani Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga ariza berish lozim.

Zarur hujjatlar:

· IIV tomonidan tasdiqlangan shaklda ariza;

· pasport;

· shartnoma asosida harbiy sohada xizmat qiluvchi shaxslar uchun shaxsni tasdiqlovchi guvohnoma yoki Qurolli kuchlar ofitserining shaxsni tasdiqlovchi guvohnomasi (kazarma yoki kemalarda yashamaydigan harbiy xizmatchilar uchun);

· 16 yoshga toʻlmaganlar uchun – tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma va 35x45 mm oʻlchamdagi 2 ta rasm;

· uy egasining yashash joyi bilan taʼminlashi haqidagi arizasi (roziligi);

· uy hujjatlarining nusxasi;

· davlat bojini toʻlaganlik haqidagi kvitansiya (Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi 533-sonli qaroriga muvofiq). Davlat boji – minimal ish haqining 2 % ga teng;

· uy yoki uning bir qismining ijarasi yoki uydan bepul foydalanish haqidagi notarial tasdiqlangan shartnoma nusxasi.

Agar ariza bergan fuqaro uy egasining yaqin qarindoshi boʻlsa, uy yoki uning bir qismining ijarasi yoki uydan bepul foydalanish haqidagi notarial tasdiqlangan shartnoma nusxasi talab etilmaydi.

Ushbu holda vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtish uchun uy egasiga qarindoshlik darajasini tasdiqlaydigan hujjatlar taqdim etiladi.

Bosqichlari

1. Arizachi vaqtinchalik yashash joyidagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimiga (MvFRB ) barcha zarur hujjatlarni taqdim etadi;

2. MvFRB inspektori arizani qayd etadi, taqdim etilgan hujjatlarni belgilangan tartibda oʻrganadi va rasmiylashtiradi, shu kunning oʻzidayoq Toshkent shahri va Toshkent viloyatida roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani beradi.

Agar Toshkent shahriga kelgan kishida biron sababga koʻra ruxsat berilgan muddatdan uzoqroq muddatga qolish zarurati tugʻilsa, MvFRB boʻlimiga quyidagi tartibda qayta ariza berishi lozim.

Ikkinchi va undan keyingi hisobga turish:

1-bosqich. Fuqaro kerakli hujjatlarni hisobga olish muddati tugashidan 15 kun oldin MvFRBga berishi lozim.

2-bosqich. Arizani qayd etib, taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganib va rasmiylashtirganidan soʻng MvFRB 15 kun ichida ruxsat berish yoki rad qilish haqida qaror chiqaradi.

3-bosqich. Ijobiy xulosa olinganidan keyin MvFRB roʻyxatdan oʻtganlik haqida maʼlumotnomani takroran beradi, rad etilgan holda esa arizachiga IIB tomonidan oʻrnatilgan muddatda Toshkent yoki Toshkent viloyatidan chiqib ketish majburiyati haqida ogohlantiriladi.

Ushbu xizmat my.gov.uz portalining “Fuqarolik” boʻlimida test rejimida ishga tushirilgan.

Toshkentda roʻyxatdan oʻtish uchun elektron tarzda ariza berish

Hozirgi paytda “Toshkentda va Toshkent viloyatida tashrif joyida roʻyxatdan oʻtish” xizmati optimallashtirilgan holda YAIDXPda test rejimida ishlayapti. Shuning uchun, arizachi (ijara haqidagi shartnomasi boʻlmasa) quyidagicha holatlarda anʼanaviy tarzda xizmatdan foydalanadi:

· arizachi uy egasining yoki ushbu uyda doimiy roʻyxatda boʻlgan yashovchining yaqin qarindoshi boʻlsa;

· Toshkentga yoki Toshkent viloyatiga ishga aloqador safarlar, oʻqish, taʼtil, malaka oshirish, davolanish munosabati bilan tashrif buyurgan boʻlsa.

Ushbu xizmatdan elektron tarzda foydalanish uchun OneID tizimida roʻyxatdan oʻtish lozim. Shundan keyin YAIDXPda avtorizatsiya qilinadi va “Fuqarolik” boʻlimida joylashgan xizmatdan foydalaniladi.

Onlayn tarzida xizmatdan foydalanish uchun elektron shaklni toʻldirish va quyida keltirilgan maʼlumotlarni kiritishi lozim boʻladi.

Onlayn tarzda xizmatdan foydalanish bosqichlari:

1-bosqich. Uy egasi YAIDXPdan foydalanuvchilar safiga qoʻshilishi va YAIDXPdan foydalanganda amal qilinadigan tartib-qoida bilan tanishib, unga amal qilish majburiyatini zimmasiga oladi va xizmatdan foydalanishga oʻtadi.

2-bosqich. Uy egasi oʻzini “men uy egasiman” deb belgilaydi.

3-bosqich. Tizim avtomatik tarzda shaxsiy maʼlumotlarni toʻldiradi. Arizachi uni “Kadastr raqami”, “Jismoniy shaxsning shaxsiy raqami (JSHSHR)”, “Vaqtinchalik roʻyxatda turish muddati” maʼlumotlari bilan toʻldirilishi zarur.

4-bosqich. Arizachining 16 yoshga toʻlmagan farzandlari boʻlsa, ularni ham vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish zarurati tugʻilsa, bolalar haqida quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:

· familiya, ism, otasining ismi;

· tugʻilgan yili;

· tugʻilgan joyi;

· qarindoshlik darajasi.

5-bosqich. Uy egasiga maxsus kod beriladi (invoys). Ushbu kodni u vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtuvchiga berishi lozim, chunki shu bosqichdan keyin arizani toʻldirish uy egasidan roʻyxatdan oʻtgan shaxsga oʻtadi.

6-bosqich. Invoysni uy egasidan olgandan keyin vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtgan shaxs YAIDXPda avtorizatsiyadan oʻtadi va xizmatga kiradi. Birinchi boʻlib, roʻyxatdan oʻtgan shaxs uy egasi kabi YAIDXPdan foydalanish qoidasi bilan tanishib chiqish shartlarini qabul qiladi.

7-bosqich. Fuqaro oʻzini “men uy egasimasman” deb belgilaydi.

8-bosqich. Keyingi bosqichda, roʻyxatdan oʻtuvchi uy egasidan olingan invoysni kiritib, rasmdagi kodni kiritib, autentifikatsiyadan oʻtishi lozim.

9-bosqich. Invoysni kiritgandan soʻng tizim roʻyxatdan oʻtadigan shaxs arizasining maxsus shaklini yaratadi, bu jarayonda tizim avtomatlashgan holda barcha zaruriy maʼlumotlarni Ichki ishlar vazirligining idoraviy maʼlumotlar bazalaridan oladi.

10-bosqich. Roʻyxatdan oʻtadigan shaxs roʻyxatdan oʻtish maqsadi, sanasi, ish faoliyati va doimiy turar joyini koʻrsatishi lozim. Kelishuv shartlarini tasdiqlashi zarur.

11-bosqich. Ariza toʻliq toʻldirilgandan keyin koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun “Pasport viza” tizimiga yunaltiriladi.

12-bosqich. Ijobiy xulosa chiqarilgan holatlarda MvFRB tomonidan, uy egasining va roʻyxatdan oʻtuvchi shaxsning shaxsiy kabinetiga, muvaffaqiyatli roʻyxatdan oʻtganligini tasdiqlovchi elektron hujjat yuboriladi.

Roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisidagi hujjatning elektron nusxasi, asl nusxaga tenglashtiriladi va huquqiy hujjat hisoblanadi. Hujjatning haqiqiyligini pastki qismida joylashgan QR-kod orqali aniqlash mumkin.

Davlat xizmatini optimallashtirish natijalari

Xizmat quyidagi bandlar boʻyicha optimallashtiriladi:

· koʻp sonli hujjatlarni yigʻish va uy egasi bilan birgalikda MvFRBga borish talab etilmaydi;

· ortiqcha xarajat va sarsongarchiliklar uchun zarurat qolmaydi;

· roʻyxatdan oʻtish esa 5 ish kunidan 1 ish kuniga qisqartiradi.

Hozirgi paytda ushbu xizmat test rejimida ishlamoqda va undan foydalanishda yengillik yaratish uchun takomillashtirish bosqichida turibdi. Shu munosabat bilan xizmatni taqdim etishda foydalaniladigan maʼlumotlar bazasi, xususan, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi (AIS “Notarius”) va Ichki ishlar organlarning idoralararo axborot tizimlarining maʼlumotlar bazalari inventarizatsiya qilinmoqda va toʻldirilmoqda. Tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini takomillashtirish boʻyicha ishlar tugatilganidan keyin va mazkur davlat xizmatining barcha mavjud kamchiliklari aniqlanib, tuzatilganidan soʻng u butun mamlakat boʻylab toʻliq ishga tushiriladi.

Ichki ishlar organlarning xizmatlarini Axborotlashtirishning navbatdagi bosqichi

Yuqorida bayon qilingan maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, Ichki ishlar organlarida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish xizmati anʼanaviy usuldan elektron koʻrinishga jadal qadamlar bilan oʻtkazilmoqda.

Yuqorida taʼriflangan YAIDXPda ishga tushirilgan xizmatdan tashqari turar joy haqidagi maʼlumotlarni olish hamda kishining sudlangan yoki sudlanmaganligi toʻgʻrisida maʼlumot olish kabilarning elektron shaklga oʻtkazilganligini tasdiqlab turibdi. Turar joy haqida maʼlumot olish xizmati ishga tushirilgandan soʻng undan 3500dan ziyod kishi foydalangan, sudlangan yoki sudlanmaganlik haqidagi maʼlumotlar xizmatidan esa 2000 nafar fuqaro foydalangan.

Ichki ishlar organlari xizmatlari sifatini oshirish uchun yana koʻplab sohalarga YAIDXPda va davlat xizmatlari markazlarida elektron xizmatlarni joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Ichki ishlar organlarining texnologik rivojlanishi, ular faoliyatining raqamlashtirilishi huquqiy tartibni saыlash, xavfsizlikni taʼminlash hamda fuqarolarning huquqlarini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish boʻyicha ishlarning samaradorligini oshiradi.

Manba: kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Endi bir kunda Toshkentda vaqtinchalik “propiska”ni olish mumkin