00:18 / 27.06.2022
1 474

Ro‘ziqul Berdiyev AGMKga qarshi o‘yinda boy berilgan g‘alabaga nima sabab bo‘lganini aytdi

Ro‘ziqul Berdiyev AGMKga qarshi o‘yinda boy berilgan g‘alabaga nima sabab bo‘lganini aytdi
Superliganing 3-turi doirasida qoldirilgan AGMK — "Nasaf" uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O‘yin haqida
- Chempionatdagi eng yaxshi o‘yinlardan birini o‘tkazdik. Havo issiq bo‘lishiga qaramay, ikkala jamoa ham ochiq o‘yin namoyish etdi. Vaziyat va gollarning ko‘p ekanligi fikrimning isbotidir. Birinchi bo‘limda to‘pni yaxshi nazorat qildik va hisobda oldinga chiqib oldik. Ikkinchi bo‘limning taxminan 30 daqiqasini yomon o‘tkazdik. Natijada o‘z darvozamizdan ikkita to‘p o‘tkazib yubordik. Ikkinchi golni urganimizdan keyin ham vaziyatlar yuzaga keltirdik, biroq raqib darvozasini ishg‘ol qilishda oqsadik. AGMK ham, biz ham ikki ochkodan yo‘qotdik. Bu boshqa raqiblar uchun qo‘l kelishi mumkin.

- Haqnazariyning golida markazda katta bo‘shliq yuzaga keldi. Bu kimning xatosi?
- Bilasiz, markazda Mozgovoy va Stanoyevich harakat qiladi. O‘sha vaziyatda Akmal raqibini himoya qilib qanotga ketib qoldi, uning o‘rnini boshqa futbolchi to‘ldirishi lozim edi. Eronlik futbolchi e’tibordan chetda qoldi hamda u o‘z imkoniyatidan unumli foydalandi. Bu o‘yinchilarimizning pozitsion xatosi sanaladi.

- FIFA kunlaridan so‘ng "Nasaf" ikki o‘yinda ikki ochko jamg‘ardi. Bu yo‘qotishmi?
- Bu biz uchun yo‘qotish, lekin har bir o‘yinga maksimal tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilamiz. Ammo to‘rt ochkoning boy berilishi juda katta yo‘qotish hisoblanadi.

- Chempionatning deyarli yarmi ortda qoldi. Joriy mavsumda chempionlikka da’vogarlik qila oladigan jamoalar soni nechta, ular qaysilar deb o‘ylaysiz?
- Avvalgi mavsumlarda ikki-uch jamoa chempionlik uchun kurashgan bo‘lsa, joriy mavsum 6-7 jamoa g‘oliblik uchun bellashadi. Sababi ko‘pgina jamoalarning darajasi bir-biriga tenglashib oldi.

- O‘tgan mavsum "Nasaf" O‘zbekiston kubogi doirasida AGMKni mag‘lubiyatga uchratgandi. Biroq Superligadagi ikki bahs ham durang bilan yakunlangan. Bu jamoalar kuchi tengligidan dalolatmi?
- Ehtimol, kuchlar tengligidandir, kubok o‘yinida hal qiluvchi golga qadar o‘ynash kerak bo‘ladi. Bu haqda shogirdlarimga ko‘rsatmalar berilgandi. Ikkala jamoa ham bir-birini mag‘lub etolmagandi. Lekin bugungi bahsda bizning jamoa g‘alabaga yaqinroq kelgandi. Birinchi bo‘limdagi o‘yinimizni ikkinchi taymda ham ko‘rsatganimizda, hisob boshqacha ko‘rinish olishi mumkin edi. Balki bu charchoq alomatidandir. Tanaffusda yigitlarga ko‘rsatmalar berilgandi, baribir ikkinchi bo‘limni yaxshi boshlamadik.

- "Nasaf" klubida qarzdorlik bormi? Shunday xabarlar tarqalgandiki, hamon jamoaning moliyaviy ahvoli yaxshi emas.
- Qarzdorlik bor, lekin ko‘p emas. So‘nggi vaqtlarda rahbariyat bunga jiddiy yondashmoqda hamda qarzlarni sekin-sekin uzmoqda. Jamoa bu haqda o‘ylamasdan, har bir bahsda o‘z o‘yinini ko‘rsatishga harakat qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev AGMKga qarshi o‘yinda boy berilgan g‘alabaga nima sabab bo‘lganini aytdi