22:24 / 22.07.2022
1 486

Timur Kapadze — Vitaliy Denisov, Ruslan Jiyanov va o‘rtoqlik o‘yinlari haqida

Timur Kapadze — Vitaliy Denisov, Ruslan Jiyanov va o‘rtoqlik o‘yinlari haqida
2-davraga tayyorgarlikni Dukentda boshlagan "Olimpik" futbolchilari 21 iyuldan "Jar" stadionida mashg‘ulotlarga kirishishdi.
Jamoa mashg‘ulotiga borib, Timur Kapadzening fikrlari bilan qizikdik.

— Mavsumning dastlabki qismidan qanday xulosalar oldingiz?
— Biroz kutilmagan bo‘ldi. Jamoalar har bir ochko uchun borini beryapti. Buni duranglar ko‘pligi, musobaqa jadvalidagi zichlikdan ham anglash mumkin. Bitta g‘alaba sizni 3-4 pog‘ona yuqoriga ko‘tarib qo‘yishi mumkin yoki aksincha. Bu barchamiz uchun foyda beradi. Chunki siz faqat kurash va raqobat bor muhitdagina o‘sishingiz mumkin. Superliganing har bir o‘yinida shu narsani ko‘ryapmiz.

— "Olimpik" har bir o‘yinda yuqori pressing namoyish qiladi. Bunga yaxshigina kuch kerak. Shogirdlaringizning jismoniy holatini bir maromda ushlab turish qiyin bo‘lmayaptimi?
— Bu mashg‘ulot bilan bog‘liq jarayon. Kuzatgan bo‘lsangiz, yigitlar har doim yuqori temp ostida shug‘ullanishadi. Bunday ritmda mashq qilgandan keyin o‘ylanmalarni o‘yinga ko‘chirish qiyin bo‘lmaydi. Agar mashg‘ulotda hech kim o‘zini qiynamasa, maydonga chiqqandan keyin nimadir ko‘rsatishi mushkul.

— Ikkinchi davraga tayyorgarlik qanday ketyapti?
— Mavsumning dastlabki qismidan keyin bizga ozgina tanaffus kerak edi. Chunki jismoniy va ruhiy jihatdan katta kuch sarflab yubordik. Tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tgan yil dekabrda boshlagandik. Superliga va kubok o‘yinlari, mart oyidagi turnir, Osiyo kubogida ishtirok etdik. Shuning uchun 1 hafta pauza oldik. Menimcha, bu yetarli bo‘ldi.

Tayyorgarlikning birinchi qismini Dukentda o‘tkazdik. To‘g‘ri, oson bo‘lmadi. Lekin Toshkentda kuniga 2 mahaldan shug‘ullanolmasdik. U yerda ertalab jismoniy holat ustida, kechga yaqin to‘plar bilan ishladik. Bu bizga kerak edi. 2-davra oldidan yaxshi fundament yaratib oldik. Hozir hisobimizda 9 kun qoldik. Bu davrda 2 ta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

— Qaysi klublarga qarshi?
— AGMK va "So‘g‘diyona" bilan o‘yinlarimiz bor. Undan keyin avgust oyida rasmiy uchrashuvlar boshlanib ketadi. 2-davrada yanada yaxshiroq o‘ynab, natijalarimizni yaxshilashga harakat qilamiz. Transfer bozorini kuzatgan bo‘lsangiz, barcha jamoalar kuchaydi. Endi o‘yinlar yanada qiyinroq bo‘ladi.

— Mashg‘ulotlarda "Bunyodkor"dan Jasur Xoldorov bilan Mironshoh Sattorovni ko‘rdik. Ular "Olimpik"da qoladimi?
— Men bu yigitlarni yaxshi taniyman. 2 yil oldin ham ularni terma jamoaga chaqirardim. Ularning jarohatlari bor edi. Ayniqsa, Jasur 1 yil futbol o‘ynamadi. Bu yil ularning ikkalasi ham qaytdi. Chaqirdim, imkoniyat beraman. Agar o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham barchasi yaxshi bo‘lsa, mavsum oxiriga qadar biz bilan bo‘lishadi.

— Maksim Shatskix Ruslanbek Jiyanovning xizmatlariga qiziqayotgani to‘g‘risida xabarlar chiqdi. Bu borada sizga ham murojaat qilishdimi?
— Yo‘q, aniq taklif bo‘lmadi. Menga qolsa, yigitlar shu yerda ko‘z oldimda qolgani yaxshi. Kamchiliklari bor, ularni tuzatishga harakat qilyapmiz.

Ikkinchi davraga har bir futbolchimiz o‘ziga xos ishtiyoq bilan tayyorlanishyapti. Ular ancha tajriba to‘plashdi, futbolga qarashlari o‘zgardi. Professional sifatida ham, insoniylik jihatidan ham o‘sishdi. Shu tempda davom etishsa, kuchli futbolchilarga aylanishadi. Eng asosiysi, terma jamoa uchun foyda keltirishadi. Bu har birimizning burchimiz.

Hozir hammasi yaxshi ketyapti. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Biz bularni qancha kuchli futbolchi sifatida tarbiyalasak, boshqa jamoalarga borishganda ham yo‘qolib qolishmaydi.

— Vitaliy Denisov bilan uzoq yillar O‘zbekiston sharafini himoya qilgansiz. Uning qaytishi siz uchun kutilmagan xabar bo‘ldimi?
— Kutilmagan, deyolmayman. Chunki u erkin agent bo‘lib turgandi. Menimcha, Superligaga kelgani yaxshi bo‘ldi. Uning tajribasi va imkoniyatlarini bilamiz. Formaga kirib olsa, istalgan jamoa uchun foyda keltira oladi. Shuningdek, karerasining oxirida Vatanida o‘ynab, faoliyatini shu yerda tugatishi mumkin. Bu uning uchun ham yaxshi imkoniyat.

— Timur aka, Osiyo kubogidan olimpiyachilarimizga nisbatan muxlislarning simpatiyasi o‘sdi. Ularning milliy jamoaga qarshi o‘ynashiga qiziqayotganlar ham paydo bo‘ldi. Oldinda turgan FIFA kunlarida shunday nazorat uchrashuvlarini ko‘rishimiz ham mumkinmi? (O‘tmishda shunday o‘yinlar bo‘lgan)
— To‘g‘risini aytsam, bu noto‘g‘ri bo‘lsa kerak. Bizdagi yigitlarning har biri u yerda ishtirok etishi mumkin. Albatta, o‘ynasa bo‘ladi. Lekin buning yaxshi tomonini ko‘rmayapman. Oxirida gap-so‘z ko‘payadi. Bitta narsa aniq: terma jamoa har doim ustun. Keyingi jamoalar aynan milliy jamoamizga futbolchi yetishtirish uchun xizmat qiladi.

Boshqa tomondan bu baribir do‘stona o‘yinga aylanib qoladi. Yaxshisi, boshqa jamoalar bilan kuch bilan sinashganimiz ma’qul. Sentabrda FIFA kunlaridan foydalanamiz. Bilishim bo‘yicha jamoalar chiqyapti. Bir haftada raqib nomi ham aniq bo‘lib qoladi.

— O‘sha o‘yin Toshkentda bo‘ladimi?
— Yo‘q, xorijda bo‘lishi rejalashtirilyapti.

Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadze — Vitaliy Denisov, Ruslan Jiyanov va o‘rtoqlik o‘yinlari haqida