22:35 / 29.01.2023
866

Shomurodov o‘tgan "Spetsiya" klubi haqida bilishimiz kerak bo‘lgan ma’lumotlar

Shomurodov o‘tgan "Spetsiya" klubi haqida bilishimiz kerak bo‘lgan ma’lumotlar
"Roma" safida to‘p tepadigan hamyurtimiz Eldor Shomurodov tez orada klubini o‘zgartirishi mumkin. Bizga ma’lum bo‘lishicha, futbolchimiz "Spetsiya" jamoasiga ijara asosida ko‘chib o‘tadi. Tomonlar kelishuvga erishgan, faqatgina rasmiy xujjatlarni imzolash qoldi, xolos. Biz bugun mana shu klub haqida batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz. Demak, boshladik.

Klub tarixi

"Spetsiya" - Italiyaning shu nom ostidagi shahrida asos solingan jamoa. 1906 yil 10 oktabr sanasida shveysariyalik bankir Xerman Xurni tomonidan tashkil etilgan. Uy o‘yinlarini "Alberto Pikko" nomi ostidagi o‘yingohda o‘tkazadi. Klub nomi oz emas, ko‘p emas naq 9 marta o‘zgartirilgan. Hozirda jamoa rasmiy nomi "A.S.D. Spezia Calcio 2008" hisoblanadi.

Jamoa ilk bor ko‘k va oq rangli liboslar ostida maydonga tushgan. 1911 Alberto Pikko tashabbusi bilan klub oq futbolka, qora shortik va qora getrilarda to‘p tepgan. Bu forma hamon amalda saqlanib qolgan va "Spetsiya"ning an’anaviy libosi sanaladi.

Spetsiyaliklarni muxlislar turli laqablar bilan atab kelishadi. Jumladan, "burgutlar", "oqlar" yoki "kichik burgutlar" kabi ikkinchi nomlari juda mashhur.

Qayd etgan natijalari

"Spetsiya" asosan, Italiyaning quyi ligalarida harakat qiladigan jamoa sanaladi. Klub 2020/2021 yilgi mavsumda A Seriyaga qaytdi va shundan beri yuqori divizionda ishtirok etib kelmoqda. B Seriyaga 2012/2013 yilgi mavsumda chiqqan va 7 yillik urinishlardan so‘ng A Seriyaga qadam ranjida qilishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘tgan mavsum 20 jamoa ichida 16-o‘rinni qo‘lga kiritgan va bazo‘r ligada qolish masalasini hal qilgan. "Burgutlar" o‘tkazilgan 38 o‘yinda 10 ta g‘alaba, 6 durang va 22 mag‘lubiyat qayd etgan. Klub 41 ta gol urib, o‘z darvozasidan 71 ta to‘p olib chiqqan. Bu o‘tgan mavsum gol urish borasida eng yomon 5-ko‘rsatkich. Gol o‘tkazib yuborish bo‘yicha esa eng yomon 2-natija sanalgan. Ko‘rib turganingizdek, Shomurodov autsayder klubning qahramoniga aylanib olishi ham hech gap emas.

Murabbiy va futbolchilar haqida

"Spetsiya"ning amaldagi bosh murabbiyi Luka Gotti hisoblanadi. U 1967 yilning 13 sentyabr kunida Italiyaning Adria shahrida tavallud topgan. Murabbiylik faoliyatini havaskor "Montebelluna" jamoasida boshlagan. 2006-2008 yillar mobaynida Luka Italiyaning U-17 terma jamoasini boshqargan. "Spetsiya"ga "Udineze"dagi faoliyatidan so‘ng taklif etilgan. 2022 yil 1 iyul sanasida mutaxassis klub bilan 2 yillik shartnomaga imzo chekkan.

Futbolchilar ichida atigi 7 ta mahalliy o‘yinchi to‘p tepadi. Qolgan 22 charm to‘p ustasi legioner. Polshadan 4, Shvetsiyadan 2 va Portugaliya, Fransiya, Daniya va shu kabi mamlakatlardan bittadan legioner harakat qiladi.

Eldorga raqobatchi sifatidagi futbolchilar Daniele Verde, Emmanuel Gyasi, M'Bala Nzola, Raymonds Krollis va David Strelich sanaladi. Ganalik Gyasi klub sardori sifatida harakat qiladi.

O‘yin uslubi qanday?

"Oqlar" 3-5-2 sxemasida harakatlanadi. Ko‘p masofa bosib o‘tishi bilan nom qozongan. Klub 20 turga qadar o‘rtacha 110 kilometr masofani bosib o‘tgan. Bu chempionatdagi eng yaxshi 6-natija hisoblanadi. "Yuventus", "Roma", "Napoli" va "Milan" kabi jamoalar "Spetsiya"dan orqada.

Bu shuni anglatadiki, Shomurodovning bo‘lajak klubi mehnatkash yigitlardan tashkil topgan. Bu esa aynan Eldorga mos uslub sanaladi. Uning tezkorligi, qarshi hujumlarda yaxshi o‘ynay olishi, himoyalanishda ham namunali harakat qilishi evaziga hamyurtimiz "burgutlar" o‘yin uslubiga tezda moslashib ketishi mumkin.

Spetsiyaliklarning 2 hujumchi bilan o‘ynashi Eldorga biroz noqulaylik tug‘dirishi ham mumkin. Sababi, terma jamoamiz sardori ko‘pincha yaqqol forvard sifatida to‘p tepadi. "Roma"da ham, terma jamoada ham ikkitalik hujumchi varianti kamroq qo‘llaniladi. Sheriklikda hujumda o‘ynash hamyurtimizga qanchalik foyda yoki zarar bo‘lishini tez orada bilib olamiz.

Eldor Shomurodov kurashishdan qochmaydigan, mehnatkash futbolchi. U hamma yerda raqobatdan qo‘rqmaydi va umid qilamizki, yangi jamoasida ham u tezda muvaffaqiyatga erishadi. "Roma"ga u 6 oydan so‘ng qaytishi mumkin. Agar legionerimiz o‘zini ko‘rsata olsa, Mourino unga imkon berishi tayin. Hamyurtimizga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!

Shohrux Zoirov maqolasi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov o‘tgan "Spetsiya" klubi haqida bilishimiz kerak bo‘lgan ma’lumotlar