Ahmadaliyev jamoasi kamar boy berilgan jang natijasidan norozi va revansh so‘rashmoqda. Uning menejeri Vadim Kornilov Murodjon Ahmadaliyevning mag‘lubiyati haqida fikr bildirdi.
«Buni qabul qilib bo‘lmaydi. Boksda bunday holatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Ayrimlar shikoyatga o‘rin yo‘q, jang raqobatga boy bo‘ldi demoqda. Biroq biz ko‘plab ekspertlardan jangni tahlil qilishni so‘radik va ularning barchasi bir necha raundni bir ovozdan Ahamadaliyevga berdi. Ya’ni, u kamarni himoya qilish uchun yetarlicha ish qilganini aytishdi.
Qaror borasida WBA, IBF va Texas atletika komissiyasiga shikoyat kiritmoqchimiz. Ayni vaqtda buning uchun kerakli hujjatlarni to‘playapmiz. Revansh o‘tkazilishini talab qilamiz», — deydi Kornilov.
«Jangdan keyin o‘zimni juda yomon his qildim. Tanam harakatda, biroq ichimda hech qanday hayot yo‘q edi. Hammasi bir lahzada barbod bo‘ldi.
Hech qachon jangdan keyin o‘zimni oqlashga harakat qilmaganman. Jangdan keyin qo‘lim ko‘tarilmadimi, demak, yutqazganman. Biroq kiyinish xonasida jamoadoshlarim kirib keldi, menejerlarim va murabbiylarim shunday dedi: «Murodjon, ko‘z yoshingni art. Kamarlaringni ol, uyingga bor. Sen yutqazmading!».
Ha, boshlang‘ich raundlarda bir nechta kuchli zarba o‘tkazib yubordim, biroq 4-raunddan keyin muvozanatni tikladim. Jangni takroran ko‘rib chiqdim va g‘alaba uchun yetarli narsa qilganman deb o‘ylayman. Menimcha, ular g‘alabaga munosib emas. Mutlaq chempionlik uchun jangga bir qadam qolganda meni bundan mahrum qilishlari kerak emas edi», — deydi Ahmadaliyevning o‘zi.
Eslatib o‘tamiz, ikkinchi eng yengil vazn toifasida sobiq WBA va IBF chempioni Murodjon Ahmadaliyev Marlon Tapalesga qarshi jangida hakamlar qarori (115:113, 115:113, 110:118) bilan kamarlarni boy berib qo‘ygandi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring