Professional boksning birinchi yarim yengil vazn toifasida sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev (11-1, 8 KO) meksikalik Kevin Gonsalesga (26-0-1, 13 KO) qarshi jang qiladi.
Ushbu jang Toshkent vaqti bilan yakshanba tongida AQSHning Arizona shtatida joylashgan Desert Diamond arenasida tashkil etiladigan boks oqshomi doirasida o‘tkaziladi.
Jang oldidan Murodjon Ahmadaliyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Men avvalgi jangimni bir necha bor qayta ko‘rib chiqdim. Fikrimcha, o‘sha jangda g‘alaba meniki bo‘lishi kerak edi. Nima bo‘lgan taqdirda ham yana ringga qaytayotganimdan xursandman.
Shanba kuni (bizning vaqt bilan yakshanba tongi) barchani arenada ko‘rishni istayman. Men har bir raqibimga hurmat bilan qaraganman. Gonsales — yaxshi darajadagi bokschi va shu sababli men unga qarshi ringga ko‘tarilyapman", - dedi Murodjon Ahmadaliyev.
Eslatib o‘tamiz, ushbu jang WBA kamari uchun Eliminator, ya’ni saralash vazifasini o‘tab beradi.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring