Bugun Milliy Olimpiya qo‘mitasida O‘FA rahbariyati va O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ochib berdi:
— Assalomu alaykum, aziz do‘stlar. Avvalambor, katta musobaqa oldida turibmiz. Butun xalqimizning orzusi bo‘lgan Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni niyat qilmoqdamiz.
Bu yo‘lda ulkan harakatlar amalga oshirildi. Bu borada professional yondashuvga qo‘l urilib, “Olimpik” klubi tashkil etildi. O‘tgan 3 yil davomida Timur Kapadze boshchiligidagi murabbiylar qo‘l ostida yosh futbolchilarga ishonch bildirildi. Mashg‘ulotlar zamonaviy futbol imkoniyatlari asosida tahlil qilib borildi. Yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda yetarlicha tajriba to‘pladi.
Yoshlarga ishonch berilsa, qanday natijalarga erishish mumkinligini o‘tgan musobaqalarda ko‘rdik.
Timur Kapadze: — O‘tgan uch yil davomida ancha o‘sishga erishdik, ikkita yirik musobaqada ishtirok etdik. Ushbu turnirlarda ham, o‘ylaymanki, munosib ishtirok etdik. Endilikda bizni muhim musobaqa kutib turibdi. Umid qilamanki, Qatardagi musobaqada hammamizning orzularimiz ushalib, Parij Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish nasib qilsin.
Ravshan Ermatov legioner futbolchilar haqida:
— Futbolda mayda masalalar bo‘lmaydi. Futbolchilarimiz katta klublarda to‘p surmoqda. Ular klublarining asosiy futbolchisiga aylangan va bu biz uchun quvonarli, albatta.
Biroq bu turnir biz uchun ham juda muhim. Futbolchilar uchun ham alohida ahamiyatga ega. Chunki futbolchi faoliyati davomida yig‘inlarga jalb etilishi mumkin, lekin Olimpiada kabi nufuzli turnirda ishtirok etish, o‘ylashimcha, bir bor nasib etadi xolos.
Shu sababli ayni paytda klublar bilan har kuni aloqada bo‘lib, muzokaralar o‘tkazmoqdamiz. Hozirda 2 nafar futbolchimiz bo‘yicha kelishuvga erishdik, 3 nafar futbolchimiz bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Futbol agentlariga nima kerak? Pul, albatta pul. Ularga terma jamoa qiziqmi? Yo‘q. Ularga klubning natijalari qiziqmi? Yo‘q.
Timur Kapadze "Olimpik" klubidagi tartib-intizom haqida:
— Bizda bu borada muammolar yo‘q. To‘g‘ri yigitlar yosh. Ba’zi vaziyatlar, kartochkalar bilan bog‘liq holatlar ham bor. Biroq biz bu ustida doimiy ishlab boryapmiz.
Tayyorgarlik haqida
— Bizda har bir futbolchi tarkibga munosib. Biz bir futbolchiga ishonib qolmaymiz. Bu futbol. Kim 23 talik yakuniy ro‘yxatga kirsa, o‘sha tayyor bo‘ladi. Biroq legionarlarimiz bilan biz yanada kuchliroqmiz. Chunki ular Milliy terma jamoamizda ham asosiy tarkib futbolchilari hisoblanadi.
Qatarga qarshi o‘yin foydali bo‘ldi. Guruh bosqichida ham oson o‘yin yo‘q. Raqiblarimiz ham o‘sgan. Nasib bo‘lsa, guruhdan albatta chiqamiz.
Ravshan Ermatov: — Afsuski, ushbu turnir FIFA kunlarida o‘tkazilmayapti. Har bir klub o‘z chempionati, o‘z o‘yinlari haqida o‘ylaydi. Biz ham buni tushungan holda, ularni hurmat qilishimiz kerak.
Biroq ta’kidlaganimizdek, biz klublar bilan muzokaralarni davom ettiryapmiz va ularga tushuntirishga harakat qilyapmiz.
O‘yinlar rejasi, darvozabonlar haqida
Timur Kapadze: — O‘z uslubimiz, rejamiz bor. Lekin bu raqibga qarab ham o‘zgarib boradi, albatta. Osiyo o‘yinlarida ham raqiblarimizga qarab reja bo‘yicha ishladik.
Darvozabonlar masalasida kimga ko‘proq ishonch berish borasida hali aniq qarorga kelmadik. Hali ham ishlayapmiz. Kim tayyor bo‘lsa, o‘zini yaxshi his qilsa, o‘sha o‘ynaydi.
Intizom haqida keladigan bo‘lsak, yigitlar bu turnirning darajasini tushunib turibdi. Umid qilamiz, bu borada muammo bo‘lmaydi.
Biz doim penaltilar seriyasiga tayyorlanamiz va raqiblarni ham o‘rganamiz.
Vitaminizatsiya
— Vitaminizatsiya borasida muammo yo‘q. Tiklanish jarayoniga ham jiddiy qarayapmiz. Terma jamoalar bu masalaga alohida e’tibor qaratishadi.
Parij Olimpiadasiga 3 nafar yoshi katta futbolchilarni jalb etish
— Milliy jamoada ham kuchli futbolchilar yetarlicha. Bu rejamizda bor, kengaytirilgan tarkibda ularni ham jalb qilamiz. Avvalo, Olimpiada yo‘llanmasini hal qilaylik, bu borada ham o‘ylab ko‘ramiz.
Ravshan Ermatov: — Olimpiya terma jamoasida bugun raqobat bor. Bu borada “Olimpik” loyihasining xizmat katta.
Biz yana bir loyihaga qo‘l urganimizni, bilasiz. Keyingi 2028 yilgi Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida “Olimpik MobiUz” klubini tashkil etdik.
Barcha terma jamoalarimizda yondashuv bir xil. Hammasi rivojlanib bormoqda, sababi, futbolchi yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. Farmakologiya, vitaminizatsiya borasida ham alohida mutaxassislar ishlayapti.
Matbuot anjumanlari bo‘yicha
— O‘FA qoshida 19 ta terma jamoa bor va har biriga bir xil e’tibordamiz. Srechko Katanes ham musobaqalardan oldin va keyin matbuot anjumanida ishtirok etishi kerak. Bu uning shartnomasida ham belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Katanetsniki emas, xalqniki. Xalq savol berishga va javob berishga haqli. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”