Futbolchi voz kechgan taxtga teleboshlovchi o‘tirdi

Futbolchi voz kechgan taxtga teleboshlovchi o‘tirdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Ugandaning Tooro qirolligida sobiq teleboshlovchi Edvard Rukidi Kijanangoma yangi qirol sifatida taxtga o‘tirdi va Edvard Rukidi Nyabongo I nomini oldi.
  • 56 yoshli Kijanangoma, 34 yoshida saraton kasalligidan vafot etgan marhum qirol Oyo Nimba Kabamba Iguro Rukidi IVning amakivachchasi hisoblanadi.
  • Qirollik qo‘mitasi avval futbolchi Jorj Desmond Kamurasini voris sifatida tanlagan bo‘lsa-da, u taxtni rad etgan va shundan so‘ng Kijanangoma 13-monarx etib saylangan.

Ugandaning Tooro qirolligida sobiq teleboshlovchi Edvard Rukidi Kijanangoma yangi qirol sifatida taxtga o‘tirdi. U 29 sentyabr kuni o‘tkazilgan an’anaviy marosimda Edvard Rukidi Nyabongo I nomini oldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

56 yoshli Kijanangoma marhum qirol Oyo Nimba Kabamba Iguro Rukidi IVning amakivachchasi hisoblanadi. Oyo 27 avgust kuni AQSHda saraton kasalligidan 34 yoshida vafot etgan. Kijanangoma Tooro qirolligining 13-monarxi bo‘ldi.

Yangi qirolni Batoro xalqining hukmron Babiito urug‘idan tuzilgan 21 kishilik qo‘mita tanlagan. Kijanangoma avval Uganda Broadcasting Corporation telekanalida yangiliklar boshlovchisi va muharriri bo‘lib ishlagan.

Taxt vorisligi marhum qirolning vafotidan so‘ng bahsli tus olgan. Oyoning onasi Best Kemigisa va singlisi malika Rut Komuntale marhum qirolning yosh o‘g‘li borligini hamda uning vasiyatnomasida bola taxt vorisi sifatida ko‘rsatilganini bildirgan. Biroq Babiito urug‘i rahbari Charlz Kayondo Kamurasi bu bola urug‘ga ma’lum emasligini aytgan.

Avvalroq qirollik qo‘mitasi Oyoning amakivachchasi, Londonda futbol o‘ynaydigan Jorj Desmond Kamurasini voris sifatida tanlagan edi. Biroq u taxtni rad etgan va shundan so‘ng Kijanangoma yangi qirol sifatida tanlangan.

Toj kiyish marosimi Tooro qirolligining poytaxti Fort-Portal shahridagi Karuziika saroyida bo‘lib o‘tgan. Unda an’anaviy raqslar, nogora sadolari, ramziy jang va qirollik marosimlari o‘tkazilgan. Marosimda buqa so‘yilib, tovuq qonidan ham foydalanilgan. Tadbirda Uganda Prezidenti Yoveri Museveni ham qatnashgan.

Yangi qirol ilk nutqida Tooro xalqining madaniyati, urf-odatlari va an’analarini asrashga va’da bergan. Shuningdek, aholini atrof-muhitni muhofaza qilishga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Uganda saylangan prezident boshqaradigan konstitutsiyaviy respublika hisoblanadi. Mamlakatdagi tarixiy qirolliklar siyosiy hokimiyatga ega emas, biroq madaniy meros va milliy o‘zlikning muhim ramzlari sifatida saqlanib qolgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar