12:03 / 05.10.2024
28

Aleksandr Xomyakov: “Bu biz uchun tarixiy final”

Aleksandr Xomyakov: “Bu biz uchun tarixiy final”
"Andijon" bosh murabbiyi Aleksandr Homyakov va futbolchi Farhod Sohibjonov kecha O‘zbekiston Kubogi finali oldidan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Ertangi uchrashuvni intizorlik bilan kutyapmiz. Muxlislarimiz bizdan qanday natija kutayotganini bilamiz. Umid qilamizki, ularning ishonchini oqlaymiz. Tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt yetarli bo‘ldi deb o‘ylayman", – dedi Aleksandr Xomyakov.

"Bu klub uchun tarixiy o‘yin bo‘ladi. Jamoadagi ko‘pchilik uchun bu faoliyatidagi dastlabki final hisoblanadi. Yaxshi tayyorgarlik olib bordik. Yakunda barchasi biz uchun yaxshi yakun topishiga ishonaman", – deya fikr bildirdi Farhod Sohibjonov.

- "Andijon" jamoasida pasayish kuzatilmoqda. Buni o‘zingiz ham bir necha marotaba ta’kidlab o‘tgandingiz. Kichik "krizis" davrida jamoani finalga tayyorlash qanchalik qiyin bo‘ldi? Ushbu pasayishni final kuni qanday yashirmoqchisizlar?
- Ha, bizda muammolar bor. Jamoam g‘alaba qozona olmayapti, lekin Kubok bu boshqa musobaqa. Final biz uchun juda muhim. Muammolarimiz ustida ishladik. Yana bir bor takrorlayman, jamoaning asosiy qismi uchun bu dastlabki final. Shu sababli finalda ko‘proq ishtiyoqqa ega va xohishi kuchliroq jamoa yaxshiroq natija qayd etishi mumkin. Muxlislarimizni xursand qilish uchun borimizni beramiz.

- Farhod Sohibjonovga savol. "Andijon" jamoasi o‘z tarixida birinchi marotaba finalga chiqdi. Ko‘pchilik futbolchilar uchun faoliyatidagi dastlabki final. So‘nggi kunlarda jamoadagi ichki muhit qanday edi? Futbolchilarda hayajon yoki qo‘shimcha bosim yo‘qmi?
- To‘g‘risini, bu men uchun ham birinchi final. Bu hissiyotlarni so‘zlar bilan ifodalash qiyin. Ertaga barchasini maydonda isbotlaymiz.

- Qog‘ozda "Navbahor" favorit. Namanganliklarning tarkibi kuchliroq va ular tajribaliroq. Ertaga jamoangiz kuchliroq "Navbahor"ni nima bilan hayron qoldirishi mumkin? Nimaning evaziga kubok Andijonga ketishi mumkin?
- To‘g‘ri, "Navbahor" tajribaliroq. Ular bunday uchrashuvlarda ko‘proq ishtirok etishgan. Raqibimiz o‘tgan mavsum OCHLda ham ishtirok etdi. Biz ham o‘zimizning rejamizga ko‘ra ish tutamiz. Biz ishongan ayrim uslublar bor. "Andijon"da tajriba kamroqligi ertangi o‘yinga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi deb o‘ylayman.

- Bektemir Abdumannonovning o‘yinida biroz pasayish kuzatilmoqda. Abdumannonovning sport formasi sizni qanchalik tashvishga solmoqda?
- O‘yinga barcha futbolchilar birdek tayyorgarlik olib borishadi. Barcha futbolchilar sog‘lom va ertaga maydonga tushishga tayyor. Nafaqat Abdumannonov, balki har bir futbolchi mavsum davomida har xil holatda bo‘ladi. Stabil o‘yin namoyish etish oson emas. Umid qilamanki, Bektemir Abdumannonovning o‘yinidagi pasayish davri o‘tib bo‘ldi va u ertaga bizga yordam bera oladi.

- O‘tgan mavsumda "Andijon" jamoasi yarim mavsum davomida "Istiqlol" stadionida uy o‘yinlarini qabul qilgandi. Ushbu jihat jamoangizga ustunlik berishi mumkinmi?
- Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi bizga katta dalda bo‘la oladi. Biz buni his qilib turibmiz. Bu savolga aniq bir javob berish qiyin. Stadion faktori degan narsani his qilmayapman, balki futbolchilarga bu yordam berar.

- Farhod, siz bu borada nima deya olasiz?
- Ha, bu stadion bizga tanish. Moslashishimiz osonroq kechadi deb o‘ylayman.

- Kubok qo‘lga kiritilsa, jamoa a’zolariga avtomobil sovg‘a qilinadi, degan gaplar tarqaldi. Shu gaplar qanchalik rost?
- Birinchi o‘rinda, ertaga g‘alaba qozonib olaylik. Keyin esa "gonorar"ni muhokama qilishimiz mumkin. Asosiy maqsadimiz – g‘alaba qozonish.

- Farhod Sohibjonovga savol. "Andijon" joriy mavsumda "Navbahor"ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratishga ulgurdi. O‘sha bahsdan so‘ng "lochinlar"da bosh murabbiy o‘zgargandi. Samvel Babayanning jamoasi asosan tartibli futbolni birinchi o‘ringa qo‘ygandi, hozirgi "Navbahor esa asosan hujum qilish, ko‘proq vaziyatlar yaratishga urg‘u bermoqda. Bu "Andijon" uchun qanchalik qulay? Sababi "Andijon" qarshi hujumda ochiq zonalarga ega bo‘lishi mumkin. Bu sizdek qanot futbolchilarga qo‘l kelishi aniq...
- Ertaga "Navbahor" ochiq o‘yin namoyish etadigan bo‘lsa, bu "Andijon" uchun qulay bo‘ladi.

- Ertangi uchrashuvdan qanday o‘yin kutmoqdasiz? Ochiq futbol ko‘rishimiz mumkinmi?
- Raqib qanday o‘ynashga imkoniyat berishidan kelib chiqib o‘ynaymiz. Aniq bir narsa deyish qiyin, ko‘ramiz. Ikki jamoa ham bir-birining kuchli va zaif tomonlarini juda yaxshi biladi. Qaysi jamoa kamroq xatoga yo‘l qo‘ysa, o‘sha jamoa g‘olib bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Kubogi finalidan o‘rin olgan "Navbahor" – "Andijon" bahsi ertaga "Istiqlol" stadionida o‘tkaziladi. Uchrashuv 17:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Xomyakov: “Bu biz uchun tarixiy final”