832
Abduqodir Husanov: Dadasi, «Bunyodkor»dan ketishi, Belarusdagi qiyinchiliklar va maqsadi haqida
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti»ga oʻtmoqda. Ma'lumotlarga koʻra, inglizlar oʻzbekistonlik futbolchi uchun uning transfer huquqlariga egalik qiladigan Fransiyaning «Lans» jamoasiga 40 mln yevro miqdorida pul toʻlaydi. «Gazeta.uz» 2024 yil yozida Abduqodir Husanovdan intervyu olgandi. Mazkur intervyudan bir parcha e'tiboringizga havola qilinadi.
«Birinchi ustozim — dadam»
Dadam futbolchi boʻlganlar. Shuning uchun amakimning oʻgʻillari, akam, umuman, bizda hamma futbol toʻgaragiga borgan, menda ham qiziqish boʻlgan. 5 yoshimdan «Toshkuch» klubiga qatnay boshlaganman. Keyin amakim meni «Bunyodkor»ga olib borganlar. Dadam: «Oʻzim aralashmayman, meni tanib-bilib qolishsa, gap-soʻz boʻlishi mumkin», deb olib bormasdilar.
«Bunyodkor»da 2002 yilda tugʻilganlar bilan asta-sekin shugʻullana boshlaganman. Aynan «Bunyodkor»ga oʻtganimdan keyin «katta boʻlsam futbolchi boʻlaman», degan maqsad paydo boʻlgan. Bu qarorimga hech kim qarshi chiqmagan, aksincha, hamma, har doim qoʻllab-quvvatlagan. Oʻyinlarimni koʻrishga hatto dodam, buvim ham borardilar.
Foto: «Bunyodkor» FK
Boshida hamma pozitsiyalarda, hujumda ham oʻynab koʻrganman. Keyin, dadamlarning oʻyinlarini koʻrib, himoyada oʻynashga qiziqib qolganman. Dadamning oʻyinlariga koʻp borardik, ularning futbol oʻynashlari juda yoqardi. Oʻzlari futbol koʻrayotganlarida ham yonlarida oʻtirib oʻrganardim: mana bu erda bunday qilish kerak, bunisida esa bundoq, mana bu joyda oraliq masofa falonchaga farq qiladi, shuning uchun yaxshilab oʻylab harakat qilish kerak, deb, turib ham koʻrsatib berardilar.
Dadam — mening birinchi ustozim. Dadamning maqtovlari — mening uchun eng katta motivatsiya. Lekin koʻp maqtayvermaydilar. Endi, koʻp oʻylab yubormasin, desalar kerak-da, bilmadim. Dadam meni yaxshi boʻlsin deb koʻproq xatolarimni toʻgʻrilashga harakat qiladilar. Oʻzi menga ham faqat shu kerak — dadam xatolarimni aytib tursalar boʻlgani.
Men eng kichkina boladan ham nimadir oʻrganish mumkin, deb hisoblayman. Futbol koʻrayotganingda futbolchilardan biri qandaydir yangicha harakat qilib qolsa, «O, buni oʻrganish kerak!», deysan; noʻnoqroq harakatlansa, «Ha, bu vaziyatda mana bunday harakat qilish kerak ekan», deb joyida xulosa chiqarasan.
Belarus hikoyasi
«Bunyodkor» akademiyasida yurganimda oʻrinbosarlar jamoasiga mashgʻulotlarga chaqirishgan, oʻyinga ham tushirishgan. Oʻshanda «Bunyodkor»ning koʻp markaziy himoyachilari jarohat olgandi. Agar yana biroz oʻynasam, asosiy tarkibga ham chiqishim mumkin edi. 16 yosh vaqtim «Bunyodkor»ning asosiy tarkibida oʻynash orzum edi. Keyin birdan «bu bola bizga tortmaydi», deb «Bunyodkor»ning 18 yoshlilar jamoasiga oʻtkazib yuborishdi.
Shundan keyin, agentlar orqali, Belarusga ketdim. Har qanday qiyinchilikda ham futbolni tashlash fikri boʻlmagan. Hech qachon. Men futbolchilikning haqiqiy qiyinchiliklarini aynan Belarusda — uning qishi, qori, sovugʻida, uydan uzoqda koʻrdim. U erda qor juda qalin yogʻardi. Men bilan Belarusga kelgan oʻrtogʻim Amirbek Bakayev ikkimiz tonggi chigalyozdi mashqlar oʻrniga maydonni qordan tozalardik.
Soʻng ichkariga kirib, kiyim almashtirib, trenajyorda shugʻullanardik. Uyga ham bormasdik — oʻsha erdagi kiyim almashtirish xonasida qolib, bir soat uxlab olib, kechki mashgʻulotlarga ham oʻsha erdan chiqardik. Ovqatni ham oʻsha erning oʻzida, u-bu narsadan ozgina-ozgina choʻqivolib, yurardik. Kamiga, oʻrtoqlik uchrashuvlari boshlanib, men ham maydonga tushishim mumkin boʻlgan pallada jiddiy jarohat olib, 2−3 oy gipsda yurishga majbur boʻlganman.
Foto: Bel.football
Oʻshanda 17 ga toʻlgandim. Allaqachon «Energetik-BGU» tarkibida maydonga tushishim kerak edi. Ammo, 18 yoshga toʻlmaganim uchun, FIFA ruxsat bermagan. Shundan keyin uyimdagilar hamma xat-hujjat, qogʻozlarni tayyorlab kelgan, yana FIFAga yozganmiz. Lekin baribir «hali yoshi kichik, boz ustiga hozir pandemiya», deb ruxsat bermagan. Shu tariqa Belarusda bir yil oʻyin amaliyotisiz qolganman.
Maqsad
Shaxsan oʻzimning kelajakdagi maqsadim — Angliya, Ispaniyaning top-3 jamoalarida oʻynash. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar