Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti”dagi faoliyatini boshlashga yaqin turibdi.
Aslida Abduqodir 19 yoshidayoq oʻzbek futboli tarixiga oʻz nomini yozib boʻlgan. Chunki 2023 yilning yozida “Lans”ga koʻchib oʻtgan legionerimiz Fransiya chempionatida maydonga tushgan birinchi oʻzbekistonlik charm toʻp ustasi sifatida tarixga kiritilgan.
Endi 20 yoshli himoyachimizda Angliya Premer-ligasidagi ilk oʻzbek futbolchisiga aylanish imkoniyati tugʻildi.
Bugungi kunda Husanovning transferi juda koʻp muhokama qilinmoqda. Xususan, Rossiya futboli mutasaddilari nega mahalliy klublar skautlari shu darajada yorqin iste'dodga ega boʻlgan oʻyinchini oʻz vaqtida payqay olishmaganini tanqid qilishmoqda.
Misol tariqasida, Rossiya futbol uyushmasi faxriy prezidenti Vyacheslav Koloskovning fikrini keltirish mumkin.
- SSKA skautlari iste'dod bobida Abduqodir Husanovdan kam boʻlmagan Abbosbek Fayzullayevning salohiyatini koʻra oldi-ku. Balki Fayzullayev Husanovga nisbatan oʻzini yorqinroq koʻrsata olgandir.
Rossiya klublari selektsionerlari nega Husanovni payqay olmadi? Buni men muhokama qila olmayman.
Men uning transferi haqida oʻqiganimda darrov: “Bizning selektsionerlar qayerda edi?”, degan savol tugʻildi. Abduqodir Oʻzbekiston va Belarusda oʻynagan, demak koʻz oʻngimizda edi. Mudrab qolganmiz. Bu bizning sport menejerlarimiz obroʻsini oshirmaydi, - dedi Vyacheslav Koloskov.
Bu masalaga Abduqodir Husanovning professional faoliyatidagi ilk murabbiylaridan biri Pavel Rodnyonok oydinlik kiritdi. Ma'lumki, futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida oʻrgangan Abduqodir professional faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” klubida boshlagan.
- Rossiya klublaridan Abduqodir Husanov boʻyicha shaxsan menga juda koʻp murojaatlar boʻlgan. Mutaxassislar, murabbiylar, agentlar unga xarakteristika berishimni soʻrashardi. Unga har tomondan qiziqish bor edi.
Husanovning manfaatlarini himoya qilayotgan mutasaddilar boshqacha stsenariy tanladi. U avval Belarusda oʻynaydi va tayyor boʻlishi bilan Gʻarbga ketadi. Avval-boshdan ularda shunaqa reja boʻlgan, deb oʻylayman.
Men soʻrab kelganlarning hammasini futbolchining agentiga yoʻnaltirardim, chunki men murabbiyman, futboldagi boshqa ishlarga aralashmayman. Ular nima haqida gaplashgan, nega hamkorlik oʻrnatilmaganini bilmayman.
Toʻgʻrisini aytsam, men hozir boshqa ishlar bilan bandman va “Manchester Siti”ning oʻyinlarini tomosha qilayotganim yoʻq. Afsuski, shunday. Shu bois, u erda Abduqodir Husanovning raqobatchilari aynan qaysi oʻyinchilar ekanini bilmayman. Aniq biladiganim shuki, men ularga havas qilmayman. Abduqodir jamoada paydo boʻlishi bilan ularni “yeb tashlaydi”, men bunga aminman, - dedi Pavel Rodnyonok.
Abduqodir Husanovni qoʻlga kiritish uchun “Manchester Siti” mutasaddilari “Lans” klubiga 50 million yevro miqdorida badal puli va bonus toʻlaydigan boʻldi. Husanov oʻziga Evropaning yigirmaga yaqin klublari qiziqayotganiga qaramay, Angliya chempioni safiga koʻchib oʻtishni ma'qul koʻrdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar