Oʻzbekiston terma jamoasi va Eronning "Istiqlol" klubi etakchisi - Jaloliddin Masharipov bilan koʻplab mavzular borasida suhbat uyushtirdik. Futbolchi bugungi holati, terma jamoa va Katanes iste'fosi haqidagi muhim savollarga ochiqchasiga javob berdi. Bundan tashqari, yangi mavsumda Superliga chempionligi yoʻlida kimlarni asosiy da'vogar ekanligi haqida ham fikr bildirdi.
- Eron klubi bilan kontraktni uzaytirishga qaror qildingiz. Bunga nima asosiy sabab?
- Bunga asosiy sabab “Istiqlol“ ishqibozlari. Ular meni doim qoʻllab-quvvatlaganini his qildim. Ularni koʻnglidan joy olganimdan xursandman. Qolgan 2,5 yil davomida yaxshi natijalar bilan ularni xursand qilmoqchiman. Klub tarixida oʻz nomimni qoldirishni istayman.
- Siz bilan “Neftchi“ bogʻlangan edi. Klub etakchisi obrazida sizni koʻrgan edi, nega rozi boʻlmadingiz?
- Toʻgʻri, “Neftchi“ klubi meni oʻz tarkibiga qoʻshib olish borasida taklif bilan chiqdi. Oʻsha payt ularga Eron klubi yangi shartnoma taklif etmoqchi ekanligini aytgan edim. Toʻgʻrisi, Oʻzbekistonga hozir qaytgim kelmadi. Agar qaytadigan boʻlsam ham, birinchi navbatda “Paxtakor“ bilan muzokara oʻtkazsam kerak. Undan soʻng, boshqa klublardan kelgan takliflarni koʻrib chiqamiz.
- Srechko Katanesni iste'fosini qanday qabul qildingiz?
- Uning iste'fosi nafaqat men, balki koʻplab muxlislar uchun ham ogʻir boʻldi. Bir necha yillar davomida gʻalabalar bilan ishqibozlarimizni xursand qilgan edik. U terma jamoada oʻz uslubini yaratgan edi. Unga ancha oʻrganib qolgan edik. Ba'zida, qattiq gapirib yuborsam ham, meni toʻgʻri tushunar, mendan xafa boʻlib jamoadan chetlatib yubormas edi. Bu uning professional ekanligidan dalolat. Bunday reaktsiyani avvalroq Shota Arveladzeda ham koʻrganman. Ikkisi ham yuqori darajada futbol oʻynagan va futbolchini yaxshi tushunar edi. Nafaqat men, boshqa futbolchilar bilan ham munosabatlari a'lo darajada edi. Oʻrganib qolgan edik unga.
- Uning sogʻligʻi bilan muammolar soʻnggi paytlarda mashgʻulotlarda sezilgan edimi yoki yoʻq?
- Hammasi sogʻligʻidagi muammolardan kelib chiqdi. Biz unga ortda qolgan yillar uchun tashakkur bildiramiz. Agar JCh yoʻllanmasini qoʻlga kiritsak, bunda uning hissasi katta boʻladi. Toʻgʻrisi, Srechko mashgʻulotlar paytida sogʻligʻidagi muammolarni bildirmaslikka uringan, ammo unda ruhiy holatida muammolar koʻzga tashlangani rost. Endi kelgan paytida unda boshqacha azart koʻrganimiz uchun, biroz sovuqqonroq boʻlib qolgani rost. Keling, tan olaylik hammamiz insonmiz. Oʻlim roʻpara kelganida hamma biroz ehtiyotkor boʻladi. Uni ham yashagisi kelgani aniq. Unda ich-ichidan qandaydir qoʻrquv bor ekanligini sezib turar edik. Buni toʻgʻri tushunish kerak.
- Sloveniyalik mutaxassis oʻzidan soʻng, terma jamoa uchun nima tashlab ketdi deb oʻylaysiz?
- U koʻp narsa tashlab ketdi deb oʻylayman. U muxlislar qalbidan joy oldi va terma jamoada qanday ishlash kerakligini koʻrsatib ketdi. Aqlli insonlar undan oʻrganadigan narsalar koʻp ekanligini darrov tushungan. Oʻzim uchun futbolchi sifatida koʻp narsa oʻrgandim. Kelajakda murabbiy boʻlsam, kerak boʻladigan koʻnikmalarni oldim, deb ayta olaman.
- Timur Kapadze terma jamoa rahbarligini qoʻlga olgach, birinchi uchrashuvda koʻpchilik kutgan oʻyinni koʻrmadik. Bunga nima sabab boʻldi deb oʻylaysiz?
- Timur Kapadze termani qabul qilganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Kapadze yaxshi murabbiy. Yaqindagina Olimpiada yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan edi. Biz terma jamoada Kapadze boshqaruvida Eron va Urugvayga qarshi toʻp surganmiz. Bundan tashqari, futbolchi sifatida ham birga toʻp surganmiz. Yaxshi inson va yaxshi murabbiy. Menimcha, murabbiyimiz ham hozir nimalarnidir oʻzgartirish xato ekanligini sezib turibdi. 1-2 oʻyinda mundial masalasi hal boʻlishi mumkin. Kelajakda ham u katta ishlar qilishiga yuz foiz ishonaman. Sababi, mutaxassis sifatida oʻz ustida ishlaydi va mukammallikka intiladi.
Oʻrtoqlik oʻyiniga keladigan boʻlsak, bu erda bir muhim omil bor. Koʻpchilikka yoqmasa ham aytaman, terma jamoa libosini kiyganida, insonda juda kuchli hayajon boʻladi. Buni hamma ham koʻtara olmaydi. Superligada yaxshi oʻynab qoʻydi degani, terma jamoaga chaqirish kerak degani emas. Milliy jamoada oʻynash uchun ruhiy tomondan kuchli boʻlish kerak.
- Timur Kapadze terma jamoa postiga kelgach, etakchilar bilan suhbatlashdimi?
- Oʻzaro suhbatlashdik. Sogʻligʻimni soʻradi va mart oyidagi muhim oʻyinlarda kerak ekanligimni aytdi. Timur aka barcha etakchilar bilan suhbatlashganiga shubham yoʻq. Sobiq futbolchi boʻlgani bois, bu narsa qay darajada muhim ekanligini yaxshi biladi.
- Yaqinlashib kelayotgan muhim oʻyinlar oldidan Timur Kapadze oʻz uslubiga zid boʻlsada, Katanesning strategiyasi asosida harakat qilishi kutilmoqda. Bu toʻgʻri qarormi?
- Aytib oʻtganimdek, bizda oʻyin uslubi tayin. Hamma futbolchi maydonda nima qilish kerakligini yaxshi biladi. Hozir katta oʻzgarish qiladigan payt emas. Vaqt juda kam. 10 kun ichida ikkita oʻyinda maydonga tushamiz. Bu orada nimadir keskin oʻzgartirishni imkoni yoʻq.
- Sizningcha, MTJ uchun JCh saralashidagi asosiy raqib kim?
- Asosiy raqibimiz Eron terma jamoasi. Qolgan jamoalarni hurmat qilamiz, ammo ular bizga raqib emas. Daraja jihatidan ham olib qaralsa, Eron asosiy raqibimiz.
- Superliga haqida ozgina suhbatlashsak. Sizningcha, “Nasaf“ nima evaziga Superligada gʻalaba qozondi?
- “Nasaf“ chempion boʻlmasa ham boʻlmas edi, Roʻziqul Berdiyev chempion boʻlmasa ham boʻlmasdi. U chempionatni va kim nimaga qodir ekanligini juda yaxshi biladi. Qoʻshimchasiga, akademiyadan chiqqan futbolchilar hozir kuchga toʻladi. Agar iqtidorli mutaxassis bir necha yillar davomida akademiyasi bor va yaxshi yoʻlga qoʻyilgan klubda ishlasa, albatta maqsadiga etadi. Bundan tashqari, Berdiyev aql bilan ish koʻradigan murabbiy. Chempionlikni asosiy sababchisi sifatida uning vaziyatga toʻgʻri yondashganini e'tirof etish kerak.
- Yangi mavsumda sizningcha chempionlik uchun asosiy 3 ta da'vogar kim va ularni roʻyxatini tuzib bering.
- “Nasaf“, “Paxtakor“ va “Neftchi“ni chempionlik uchun asosiy da'vogar deb oʻylayman. Shuningdek, “Navbahor“ ham qarab turmasa kerak. “Andijon“ esa, muxlislari yordamida bosim qilib oʻziga tegishli narsani olishga intiladi.
- Cheran haqida qayerdadir hali yana toʻpurar boʻladi degan edingiz. Sizningcha, kelasi mavsumda oʻzini koʻrsatadigan 3 ta futbolchi kim?
- Toʻgʻrisi, Cheranni “Paxtakor“dan ketkazib yuborilgani menga yoqmadi. 5-6 yildan beri Superliga toʻpurari va chempionlik olib berayotgan futbolchini bunday ketkazmaslik kerak edi. Hurmat qilish kerak edi uni. “Nasaf“da oʻyin toʻliq shakllangan. Eski “Paxtakor“da boʻlgani kabi, “16”ni ichiga kirib gollar urishda davom etadi. Mana koʻrasizlar, u bu mavsum ham chempionat toʻpurariga aylanadi. Roʻyxatni toʻldirish uchun Jamshid Iskanderovni aytishim mumkin. Toʻgʻrisi, boshqa futbolchini ismi yodimga kelmadi. Agar men eslay olmasam, demak ular oʻz ustida koʻproq ishlashi va boshqalarni oʻzi haqida gapirishga majbur qilishi kerak.
- Bu yil JChga chiqamizmi?
- Qolgan oʻyinlarda hammasini toʻgʻri qilsak, muxlislarimiz orzusini amalga oshiramiz. Xudo xohlasa, mundialga boramiz. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar