22:37 / 24.03.2025
9 102

Bakayev va Qosimov tarix yaratgan, Eron "Ozodi"da mag‘lub etilgan oqshom (video)

Bakayev va Qosimov tarix yaratgan, Eron "Ozodi"da mag‘lub etilgan oqshom (video)
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ertaga JCHg‘2026 saralash bosqichi doirasida Tehronda forslarga qarshi maydonga chiqadi. Eron bilan o‘yinlar tarixi orqali JCH-2014 saralash bosqichi doirasidagi safarda Eron ustidan qozonilgan g‘alabani yodga olamiz. Umid qilamizki, Kapadze Qosimovning ishini takrorlashni uddasidan chiqadi.

Saralashning final raundini Vadim Abramov qo‘l ostida boshlagan terma jamoamiz ilk turni Eron terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Biroq, o‘z maydonimizda so‘ngi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga uch ochkodan quruq qolganmiz. Natijadan g‘azablangan futbolimiz mutassadilari o‘yindan so‘ng darhol Abramovni iste’foga chiqarishadi. Uning o‘rniga esa Mirjalol Qosimov tayinlanadi.

Tehronda bo‘lib o‘tgan javob uchrashuvida futbolchilarni maydonga bosh murabbiy sifatida Qosimoв boshlab tushadi. Karlos Keyrush boshchiligidagi jamoaga qarshi uchrashuv murabbiy uchun dastlabki jiddiy sinov edi. G‘alaba terma jamoamizning guruhdagi ahvolini yanada yaxshilardi. Boz ustiga Toshkentdagi alamli mag‘lubiyat uchun ham revansh olish talab qilinardi. Futbolchilarni esa oldinda 100 ming tomoshabinga ega “Ozodi” stadioni kutardi. Bellashuvdan oldin tarkibimizda sezilarli yo‘qotishlar bor edi.

Odil Ahmedov, Anzur Ismoilov, Temur Kapadze kabi ijrochilar terma jamoa bilan birga emasdi. Ularning o‘rnini bilintirmaslik maqsadida Fozil Musayev, Shohruh Gadoyev, Artyom Filiposyan, Islom To‘xtaxo‘jayevlar asosiy tarkibga kiritildi. Eronning tarkibini esa ortiqcha muhokama qilmaymiz. Javod Nekunam, Ashkan Dejaga, Rizo Gujannajod kabi yulduzlar barchangizga tanish.

Uchrashuvning ilk daqiqalaridan forslar xavfli hujumlarni uyushtirish va hisobni tezkorlik bilan ochish payida bo‘lishdi. 10-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Ashkan Dejaga to‘pni qanotdagi sherigi Andranik Teymuryanga oshiradi. Eronlik futbolchi markazdan ochilib borayotgan Muhammad Nuriga uzatadi. Nurining uzoqdan bergan zarbasi Nesterov qo‘riqlayotgan darvoza to‘riga borib tushadi. Ammo, bosh hakam Ali Xamad Al-Badvaviy golni hisobga olmaydi. Teymuryanning uzatmasidan so‘ng raqib hujumchisi jarima maydonchamiz ichida o‘yindan tashqari holatda qolib ketgandi. Uchrashuvning birinchi bo‘limi kurashlarga va keskin to‘qnashuvlarga boy tarzda yakunlanadi.

Ikkinchi bo‘limning 71-daqiqasida raqib futbolchisi qanotda futbolchimiz Sanjar Tursunovga qo‘pollik ishlatadi va o‘yin qoidasini buzadi. Hakam tomonidan belgilangan jarima nuqtasiga esa odatdagidek Server Jeparov yaqinlashadi. Jamoa sardorining yuqoridan jarima maydonchasi sari uzatib bergan to‘pini Ulug‘bek Bakayev golga aylantiradi va qaysidir ma’noda tarixiy golni uradi. Amalda bu g‘alaba va muhim uch ochkoni keltiradi.

Ushbu bellashuvga qadar terma jamoamiz Eron bilan 1998 yilgi Osiyo o‘yinlari, 2007 yilgi Osiyo kubogida va JCH-2014 saralash bosqichining birinchi turida o‘zaro to‘qnash kelgan va birortasida ijobiy natijaga erishmagandi. Ushbu bahsdan so‘ng biz boshqa eronliklar darvozasiga yo‘l topa olmadik. Samvel Babayan ustozlik qilgan JCH-2018 saralashida Eron bilan ikki bor o‘ynab hattoki darvozaga biror aniq zarba bera olmaganmiz. Toshkentda 0:1, mehmonda 0:2 hisobida qimmatli ochkolarni ulashganmiz. Lekin, bu ishni Abramov va Qosimov juda yaxshi uddalagandi.

Garchi, Abramovning jamoasi imkoniyatni boy berib qo‘ygan bo‘lsada Keyrush shogirdlarini ancha qiynab qo‘ygandi. Qosimov esa safarda muhtasham “Ozodi”da Eronni mag‘lubiyatga uchrata olgan murabbiy sifatida tarixdan joy oldi. Bakayev esa hozircha g‘alaba olib kelgan yagona gol va futbolchi bo‘lib turibdi. Darvoqe, shu kuni uchrashuvni taniqli sharhlovchi Mirzahakim To‘xtamirzayev maromiga yetkazib sharhlagandi. Toshkentda kechgan bahsda Srechko Katanes shogirdlari forslar bilan bemalol o‘ynash mumkinligini isbotlagandi. Umid qilamizki, ertaga ular "Ozodi"da g‘alabani tantana qilishadi.

Jahon chempionati-2014. Saralash bosqichi. 6-tur
Eron – O‘zbekiston 0:1 (0:0, 0:1)

Gol: Ulug‘bek Bakayev (71)
14.11.2012. Tehron (Eron). “Ozodi” stadioni

Bosh hakam: Ali Xamad Al-Badvaviy (BAA)

O‘zbekiston: 12. Ignatiy Nesterov, 19. Vitaliy Denisov, 20. Islom To‘xtaxo‘jayev, 4. Artyom Filiposyan, 23. Akmal Shorahmedov, 7. Aziz Haydarov, 8. Server Jeparov, 14. Fozil Musayev, 17. Sanjar Tursunov (22. Islom Inomov, 90+2), 22. Shohruh Gadoyev (13. Oleg Zoteyev,65), 10. Ulug‘bek Bakayev (15. Aleksandr Geynrix, 85)

Abdulaziz Iskandarov tayyorladi

Manba: Championat.asia
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport