
"A Seriya"ning eng kuchli va kutilgan bahslaridan biri — Rim derbisiga sanoqli kunlar qoldi. 13 aprel kuni "Olimpiko" stadionida "Latsio" va "Roma" jamoalari yuzma-yuz to‘qnash keladi. Bu galgi derbida maydon egalari sifatida "Latsio" futbolchilari hisoblanadi, ammo har doimgidek, stadion muxlislar bilan to‘lib-toshadi.
Uch jihat — bir derbi
Ushbu to‘qnashuv "Roma" uchun bir necha jihatdan juda muhim. Birinchidan, tajribali murabbiy Klaudio Raneri murabbiylik faoliyatini yuqori notada yakunlash niyatida. Ikkinchidan, shahar sharafini himoya qilayotgan ikki qudratli klub o‘rtasidagi uchrashuv muxlislar uchun hamisha alohida ahamiyatga ega bo‘lgan. Uchinchidan esa, "Latsio" va "Roma" musobaqa jadvalida YECHL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblar sanaladi — jamoalar oltinchi va yettinchi o‘rinlarda bormoqda.
Yetti “final”, bir maqsad
“Roma” chempionatning qolgan qismlarida “Latsio”, “Verona”, “Torino”, “Inter”, “Fiorentina”, “Atalanta” va “Milan”ga qarshi bahs olib boradi. Ushbu o‘yinlar murabbiy Raneri uchun har biri finalga teng. Hozircha uning butun e’tibori “Latsio”ga qaratilgan.
— Birinchi davradagi derbida g‘alaba qozonganimiz men uchun quvonchli, lekin bu o‘tmish. Biz oldimizga yangi maqsad qo‘ydik — bu gal ham muxlislarni xursand etish, — deydi murabbiy.
Eldorga ishonch ortayaptimi?
To‘qnashuv oldidan ko‘pchilikni qiziqtirayotgan masala — Raneri hujum chizig‘ida qanday qaror qabul qiladi? Jamoada atigi ikki markaziy hujumchi — Eldor Shomurodov va Artyom Dovbik bor. Murabbiy uchrashuvni ulardan biri bilan boshlab, keyin ikki hujumchi sxemasiga o‘tishi mumkin. Yoki shundoq ham oxirgi o‘yinlarda ko‘proq samara keltirgan duetga birinchi daqiqalardan ishonch bildiriladimi?
Chunki “Roma” oxirgi ikki o‘yinda aynan Eldor va Artyom birga bo‘lgan paytlarda gol urgan. Shu bois, mutaxassislar va muxlislar derbida ham shu duetga tikilgan.
Italiyalik ekspertlar: “Shomurodovni asosiy tarkibda ko‘rish vaqti keldi”
Italiya ommaviy axborot vositalarida Raneriga qarshi maslahatlar kerak emas — ularning o‘zlari ham Eldorni asosiy tarkibda ko‘rish tarafdori. “Yuventus” darvozasiga urilgan gol o‘zbek hujumchisining yuqori sport formasini tasdiqlamoqda.
Eldor “Kalyari” va “Jenoa”da orttirgan tajribasi orqali hujumni yetaklashi mumkin. Raneri uchun ikki reja bor:
– Shomurodovni ilk daqiqalarda Artyom o‘rnida maydonga tushirish;
– Ikki hujumchi birgalikda. Ayni uslub “Lechche”ga qarshi ish bergan — 12 daqiqa davomida Eldor va Artyom maydonda bo‘lib, birgina imkoniyatni golga aylantirishgan.
Shomurodov – motivatsiya yuqori, kayfiyat jangovor
29 yoshli Eldor Shomurodovning o‘zi ham derbini intiqlik bilan kutmoqda. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida mashg‘ulotlardan fotolar bilan bo‘lishib, “Bu hafta derbi!” deb muxlislarga murojaat etdi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, Eldor muvaffaqiyatli o‘yinlari ortidan “Roma” bilan shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirish imkoniga ega bo‘ldi. Ehtimol, aynan shu o‘yin uning Rimdagi taqdirini belgilab berishi mumkin.
📅 “Latsio” — “Roma” derbisi 13 aprel kuni “Olimpiko” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 23:45 da start oladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!