date
views 309

Superkubok finalida katta to‘qnashuv: “Nasaf” sovrinni himoya qiladimi yoki “Andijon” tarix yozadimi?

Superkubok finalida katta to‘qnashuv: “Nasaf” sovrinni himoya qiladimi yoki “Andijon” tarix yozadimi?
Bugun, 27 may kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadioni futbol muxlislari uchun yana bir katta to‘qnashuvga guvoh bo‘ladi. Amaldagi mamlakat chempioni “Nasaf” va O‘zbekiston kubogi sohibi “Andijon” jamoalari Superkubok uchun to‘qnash keladi. Ushbu o‘yin faqatgina sovrin emas, balki klublar nufuzi, yilni sovrin bilan yakunlash va muxlislar oldida yuzi yorug‘ bo‘lishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda mamlakatning eng barqaror va sovrindor klublaridan biriga aylangan “Nasaf” bugun katta maqsad bilan maydonga tushadi. Qarshiliklar oxirgi to‘rt yilning har birida Superkubok finalida qatnashib, ushbu musobaqaning mutloq doimiy ishtirokchisiga aylandi. Ilk marta chempion sifatida Superkubokda ishtirok etayotgan "Nasaf" futbolchilari Berdiyev boshchiligida qatorasiga uchinchi bor Superkubokni yutish uchun maydonda borini berishadi.

Qarshi klubi ushbu sovrinni oldingi yillarda 3 bor qo‘lga kiritgan va bu boradagi mamlakatdagi eng muvaffaqiyatli klublardan biri hisoblanadi. Bugungi o‘yinda g‘alaba qozonish orqali “Nasaf” o‘z kolleksiyasiga to‘rtinchi Superkubokni qo‘shish imkoniyatiga ega.

Ikkinchi tomonda esa — katta ishtiyoq bilan to‘lib-toshgan “Andijon”. Vodiy jamoasi o‘tgan mavsum mamlakat kubogini yutgan holda o‘z tarixida ilk bor katta sovrinni yutib, o‘z nomi bilan futbol tarixida iz qoldirdi. Bugungi Superkubok — jamoa uchun tarixiy sinovning navbatdagi bosqichidir.

Bu bellashuv, shuningdek, “Andijon”ning yangi bosh murabbiyi Maksim Shatskix uchun ham shaxsiy ahamiyatga ega. Ushbu mutaxassis so‘nggi ikki Superkubok finalida aynan “Nasaf”ga qarshi maydonda mag‘lubiyatga uchragan edi. Uchinchi urinishda Shatskix o‘z jamoasi bilan chempionni mag‘lub etib, revansh olish va bosh murabbiy sifatida ilk bor katta sovrinni yutishni niyat qilmoqda.

Shuningdek, “Andijon” joriy mavsum chempionat va kubokda kutilgan natijalarni qayd etolmagani sababli, Superkubok jamoa uchun mavsumni ijobiy yakunlashning so‘nggi imkoniyati sifatida ko‘rilayotir.

Bugungi final 19:30 da start oladi va to‘lib-toshgan tribunalardagi ishqibozlar va millionlab ekran ortidagi muxlislar yana bir bor o‘z futbol yulduzlarini shafqatsiz va prinsipial to‘qnashuvda shijoat bilan kuzatadi. Qaysi jamoa bugungi kecha tarixini yozadi — kutib qolamiz!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superkubok finalida katta to‘qnashuv: “Nasaf” sovrinni himoya qiladimi yoki “Andijon” tarix yozadimi?