date

SSKAni endi shveysariyalik mutaxassis Fabio Chelestini boshqaradi

SSKAni endi shveysariyalik mutaxassis Fabio Chelestini boshqaradi
Rossiyaning mashhur klublaridan biri — Moskvaning SSKA jamoasi yangi bosh murabbiy tayinladi. "Qizil-ko‘klar" klubi rasman 49 yoshli shveysariyalik mutaxassis Fabio Chelestini bilan "2+1" sxemasi asosida shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Yangi mavsumdan boshlab u legionerimiz Abbosbek Fayzullayev to‘p surayotgan jamoaga rahbarlik qiladi.

Murabbiylar shtabi ham sezilarli darajada yangilanmoqda. Chelestiniga murabbiy yordamchilari sifatida Manel Eksposito, Xaver Noya, Xose Blesa va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis Dante Karechchi yordam beradi.

Fabio Chelestini 2024/25 yilgi mavsumda Shveysariyaning "Bazel" klubini boshqarib, mamlakat chempionati va Kubogida g‘alaba qozongan. Uning muvaffaqiyatli natijalari Yevropa futbolida murabbiy sifatidagi nufuzini yanada oshirdi. Ilgari u "Lozan", "Lugano" va "Son" kabi Shveysariyaning bir qator professional klublarida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

Futbolchi sifatida esa Chelestini Shveysariya terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Shuningdek, u Yevropaning yetakchi klublaridan bo‘lgan "Marsel" (Fransiya), "Lozan" (Shveysariya), "Xetafe" va "Levante" (Ispaniya) jamoalari safida ham maydonga tushgan.

SSKAda esa so‘nggi mavsumni serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich bosh murabbiy sifatida o‘tkazgan edi. U jamoani Rossiya Kubogida g‘alaba sari yetaklaganidan so‘ng, jamoa bilan xayrlashgan.

Chelestinining tayinlanishi SSKAda yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Futbol muxlislari endi jamoaning yangi bosh murabbiy ostida qanday o‘yin namoyish etishini katta qiziqish bilan kutmoqda. Abbosbek Fayzullayev kabi yosh iste’dodlar uchun ham bu yangi imkoniyat va yangi saviyada o‘sish bosqichi bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » SSKAni endi shveysariyalik mutaxassis Fabio Chelestini boshqaradi