date

Vadim Abramov "Dinamo" "Nasaf"ni mag‘lub etolmagan o‘yin haqida nimalar dedi?

Vadim Abramov "Dinamo" "Nasaf"ni mag‘lub etolmagan o‘yin haqida nimalar dedi?
Superliganing 15-tur bahsidan o‘rin olgan "Dinamo" - "Nasaf" (2:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar ustozi Vadim Abramov jurnalistlar savollariga javob berdi.

— Bugungi o‘yinga izohlaringiz qanday?
— O‘yin muxlislar uchun qiziqarli, murabbiylar uchun esa qiyin bo‘ldi. Jadvaldagi yetakchilar o‘zaro to‘qnashdi. Menimcha, bu bizning chempionat uchun yomon reklama emas. Boshqa tomondan, shunaqa o‘yinda VAR yo‘qligi achinarli holat. Haqiqatan ham hakamlar uchun qiyin bo‘ldi, bu fikrga qo‘shilaman. Chunki VAR bilan va VARsiz holat butunlay boshqa. Birinchi bo‘limda qanday gollar o‘tkazib yuborganimizni ko‘rdingiz. Bizning darvozamiz oldida standartlardan tashqari boshqa xavfli vaziyatlar bo‘lmadi. Lekin ikki standart vaziyat golga olib keldi. Bu esa achinarli. 2:2 hisobidan keyin bizda imkoniyat bo‘ldi, gol ura olishimiz mumkin edi.

Ammo, bu holatda ehtimol penalti ham bizga boshqacha o‘yin ko‘rsatishimizga xalaqit bergandir. Chunki hisob 2:1 bo‘lganida biz oldinga chiqdik, yigitlar bu hisobni saqlab qolmoqchi bo‘lishdi, afsuski, buni uddalay olishmadi. Shunga qaramay, yigitlarga va stadionga kelgan muxlislarga rahmat aytish kerak. Yigitlarga rahmat, sababi jadval o‘ta zich. O‘zim ham qanday qilib kuchimiz yetganiga hayronman. Bolalar so‘nggi kuchlari bilan harakat qilishdi — bu aniq ko‘rinib turgandi. Mirahmadovning tizzasida ham muammo bor. Endi dam olib, ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘ramiz.

— Sizdan oldin Ro‘ziqul Berdiyev savollarga javob berdi. U sizni va jamoangizni maqtadi. Shuningdek, Ratinoni ham e’tirof etdi, uni Akmal Mozgovoyning o‘rnini egallashi mumkin deyishmoqda.
— Balki ular qiziqayotgandir, lekin Ratino bizning futbolchimiz. Menimcha, u shartnoma oxirigacha bizda qoladi. Shartnoma tugaganidan keyin ularning qiziqish bildirishi — bu boshqa masala. Biz ham o‘z yetakchilarimizni saqlab qolishga harakat qilamiz. Hali vaqt ko‘rsatadi. Meni nima uchun maqtadi? Ehtimol, uni 10 yildan beri yuta olmaganim uchun bo‘lsa kerak (zalda kulgu).

— Bugungi o‘yinda Mirahmadov jarohat oldi. Bundan oldin Mustafoyev va Maykon ham safdan chiqdi. Qizig‘i, ular to‘qnashuv oqibatida emas, o‘zidan-o‘zi jarohat olmoqda. Bu jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiyning xatosimi yoki maydon noto‘g‘ri tanlanmoqdami? Eshitishimcha, jamoa mashg‘ulotlarni juda qattiq stadionda olib bormoqda. Jamoa futbolchilari bu stadionga kelganda biroz qiyinchilikka uchramoqda.
— Bu juda katta savol, qisqacha javob berishga harakat qilaman. Haqiqatda, shunaqa sug‘orilgan maydon tufayli jarohatlar ko‘payib ketmoqda. Suv juda ko‘p, to‘pni yerga tashladim — suv sachradi. Hayron bo‘ldim. Biz mashg‘ulotni doim quruq maydonda o‘tkazamiz, bunaqa ho‘l maydonda hech qachon o‘ynamaymiz. Bu shikastlanishlarga sabab bo‘lyapti. Ko‘rib turibsiz, oddiy joyda futbolchi sirpanib ketdi. Yana jadval ham tig‘iz — bu ham jarohatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda. Yaxshisi, maydonni ozgina sug‘orsinlar — me’yorida.

— Jamoa "Navbahor" va "Bunyodkor"ga qarshi yomon o‘yin ko‘rsatdi, yutqazdi, odamlar jamoa o‘z marrasiga yetib kelganini aytishdi. Ammo, bugun yetakchilarga qarshi o‘ynashdi. Buni ijobiy natija deyish mumkinmi?
— Aniq bir narsa deyish qiyin. Men eng ko‘p "Bunyodkor" bilan o‘yindan keyin xafa bo‘ldim. O‘yin shunaqa bo‘lib qolgandi. Esingizda bo‘lsa, "Paxtakor" – "Neftchi" o‘yini ham shunaqa bo‘lgandi. "Dum-dum-dum" — to‘rtta gol. Bunaqasi bo‘lib turadi. Ehtimol, bizda pasayish davri bo‘lgandir. Bugun bunga munosib javob bera olganimiz uchun yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. Kuchli jamoa mag‘lubiyatga qanday javob berishni bilishi kerak. "Bunyodkor"dan keyin Qo‘qonda qiyin o‘yin o‘tkazdik va o‘n kishi bo‘lib g‘alaba qozondik. Bu narsalar ta’sir qiladi. Shundan keyin safardan qaytdik, "Neftchi"ni qabul qildik — o‘yinda xatoliklarga yo‘l qo‘ydik. Ularning nomi bizga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, ularga o‘ynash imkonini berdik. Bugun ham 2:1 hisobida oldinga chiqqanimizdan keyin bosimni saqlab qolmasdan, raqibga o‘ynash imkonini berib qo‘ydik. Kuch — cheksiz emas. Raqibni uzoqlashtirib yubormadik, ikkinchi davrada kurashni davom ettirishga umid bor.

— Kojo bo‘yicha savol bermoqchi edim. Uning Erondagi ishlari uncha yaxshi emas. "Istiqlol" uni ijaraga berish haqida o‘ylamoqda, "Nasaf" ham bunga qiziqish bildirmoqda. Hujumdagi muammolarga qaraydigan bo‘lsak, "Dinamo" ham uni ortga qaytarish variantini ko‘rib chiqmayaptimi?
— Variantlar ko‘p emas, chunki Kojo uchun pul to‘langan. Agar "Nasaf" shu miqdorda yoki undan ko‘proq pul to‘lay olsa, u holda ular uni sotib olishadi. Bilmayman, ularda shunday xohish bormikin. Afsuski, biz Kojoni xarid qilish uchun hozircha bunday pulni topa olmaymiz. Chunki Kojoning maoshi ham juda katta — biz buni ko‘tarishimiz qiyin masala. Agar "Nasaf" ko‘tara olsa, unda barakalla.

— Ikkinchi davra oldidan tarkibni kuchaytirish haqida nima deya olasiz?
— Tarkibni kuchaytirish doim bo‘ladi. Biz bir hujumchi, bitta tayanch zonasi yarim himoyachisi va bir qanot himoyachisini olishimiz kerak. Chunki Mustafoyev uzoq muddatga safdan chiqdi. Bu uchta pozitsiyani birinchi navbatda to‘ldirish kerak. Rejamiz bo‘yicha 14 iyul kuni Belarusga uchamiz. U yerda Belarus Premer-liga jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarini reja qilganmiz. Tayyorlanamiz. Taqvim og‘ir: kelamiz va darhol — "Navbahor", "Paxtakor" va OKMK. Qayta-qayta yuklama bo‘ladi. Shu sababli kuchayish shart, zaxiradan maydonga tushadigan futbolchilar bo‘lishi kerak.

— Bugungi o‘yinda VAR bo‘lmagani haqida nima deysiz?
— Bilmayman nima sababdan VAR yo‘q. Axir yetakchilar o‘ynayapti, lekin VAR yo‘q — bu mutlaqo mantiqsizlik. Bu holatda hakamga ham bosim katta. VAR bo‘lsa, bu bir xil hakamlik, VARsiz butunlay boshqacha. Bu o‘yinimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Nimaga shunaqa bo‘ldi, bilmayman. O‘yin bitta kameradan translyatsiya qilindi? Chempionat bizni shunchalik hurmat qiladiki, bizni ikkinchi o‘rinda bo‘lishimizni ham taxmin qilishmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov "Dinamo" "Nasaf"ni mag‘lub etolmagan o‘yin haqida nimalar dedi?