date

"Natija uchun ba’zida mazmunli o‘yindan voz kechdik" — Ro‘ziqul Berdiyev (intervyu)

"Natija uchun ba’zida mazmunli o‘yindan voz kechdik" — Ro‘ziqul Berdiyev (intervyu)
Qarshining “Nasaf” jamoasi ikkinchi davraga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Jamoani oldinda Superliga va Elit OCHL uchrashuvlari kutmoqda.

Jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev yig‘inga oid fikrlari, birinchi davra xulosalari, yetakchi futbolchilarning ketishi va chempionlik yo‘lidagi asosiy vazifalar haqida gapirdi.

— Ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayonlari qanday ketmoqda? Mavsumning dastlabki qismi haqida qanday xulosalar chiqarildi?

— Tayyorgarlik rejamizga muvofiq ketmoqda. Bu yig‘inda to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni rejalashtirgan edik. “Qo‘qon-1912” va “Xorazm”ga qarshi o‘yinlar ushbu yig‘indagi so‘nggisi bo‘ldi. Bu bosqichda yigitlarning jismoniy holatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratdik. O‘yin amaliyoti uchun esa nazorat bahslari muhim edi.

Birinchi davraga kelsak, dastlabki maqsadimiz — Superkubokni qo‘lga kiritish edi. Superligada ham chempionlik uchun kurashmoqdamiz. Davrani yaxshi yakunlashimiz kerak edi va biz buni uddaladik.

— Jamoa chempionlik uchun harakatni boshlagandan buyon o‘yin uslubi ham shunga mos ravishda o‘zgardi. Endi jozibali harakatlar emas, natija asosiy o‘ringa chiqdi. Mana shu ikki jihat o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

— Oxirgi ikki yilda oldimizga chempionlikni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun esa barcha imkoniyatlardan foydalanish kerak edi. Ilgari ham aytganman: natija uchun ba’zan mazmunli o‘yindan voz kechishga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili har bir bahsda natija uchun tartibli o‘yin ko‘rsatdik, xato qilishni kamaytirishga urindik. Bu o‘z samarasini berdi — chempionlikka erishdik. Futbolda eng muhimi — natija. Kerak bo‘lsa, 10 kishi bo‘lib ham himoyalanishga tayyor turish kerak. Bu mavsumda ham siz aytgan jihatlarga alohida e’tibor qaratyapmiz. Asosiy maqsad — chempionlikni himoya qilish.

— Rubin Xebay jamoani tark etdi. Mavsum boshida undan kutilgan natijalar ko‘rsatilmadi shekilli?

— Biz undan ko‘p narsa kutgan edik. Ammo har bir futbolchi ham natija yaxshi bo‘lsada, ayrim jihatlari jamoaga mos kelmasligi mumkin. Xebay jamoa bilan 6 oy birga bo‘ldi. Lekin shundan ikki oyini jarohatdan tiklanishga sarfladi. Jismoniy holati kutilgan darajaga yetmadi va barcha tomonlama talabimizga javob bermadi. Shu bois, ikki tomon o‘zaro kelishgan holda shartnomani bekor qilishga qaror qildik.

— Akmal Mozgovoy so‘nggi yillarda “Nasaf”ning "yuragi"ga aylanib ulgurgandi. Uning ketishi jamoani kuchsizlantiradimi? O‘rni kim bilan to‘ldiriladi?

— Akmal haqiqiy yetakchimizga aylanib bo‘lgandi. O‘tgan mavsumda ko‘plab o‘yinlarda g‘alabalarga katta hissa qo‘shdi. 2024 yilda jamoamizdagi ko‘plab futbolchilarning shartnomasi tugadi. Yil boshida oldimizga yuqori maqsad qo‘yilgani bois, bir yillik shartnoma taklif qilgandik. Agar yaxshiroq taklif tushsa, klub ma’lum miqdorda pul oladi va futbolchi erkin agent sifatida boshqa jamoaga o‘tishi mumkinligi yuzasidan kelishuv bor edi. Shu sababli qarshilik qilmadik.

O‘tgan yili Akmaldan jamoaga yordam berishini so‘ragan edik. Ayrim boshqa futbolchilarimiz bilan tuzilgan shartnomalarda ham shunday bandlar bor. Shuning uchun yana kimdirning transferi amalga oshishi mumkin. Biroq katta yo‘qotishni istamaymiz. Oldimizda muhim vazifalar turibdi. Yetakchilarimiz biz uchun juda kerak. Ketganlarning o‘rnini to‘ldirish ustida ancha vaqtdan buyon ish olib boryapmiz. Ko‘plab nomzodlarni ko‘rib chiqdik. Agar bu ishlar samara bermasa, zaxiradagi yosh futbolchilarimizga imkoniyat berishimiz mumkin.

— Mavsum davomida Superliga va Elit OCHL doirasida muhim uchrashuvlar kutib turibdi. Ikkinchi davraga qanday rejalar ishlab chiqilgan?

— Mavsumning ikkinchi qismi oson kechmasligini bilamiz. Superligada chempionlik va Elit OCHLda munosib qatnashish — asosiy maqsadlarimiz. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili bittasini tanlashga majbur bo‘lgandik. Ayrim o‘yinlarda to‘liq tarkibda harakat qilmadik. Bu yil o‘sha xatolarni takrorlamaslikka harakat qilamiz. Agar kerakli chiziqlarga futbolchi ola olsak, yanada yaxshi holatga tushamiz.

Muallif: Iskandarov Abdulaziz

Manba: Championat.asia

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Natija uchun ba’zida mazmunli o‘yindan voz kechdik" — Ro‘ziqul Berdiyev (intervyu)