date

Arteta: "Arsenal"da yana yangi transferlar bo‘lishi mumkin

Arteta: "Arsenal"da yana yangi transferlar bo‘lishi mumkin

"Arsenal" klubining bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoa tarkibiga yaqin orada yana bir nechta yangi futbolchilar qo‘shilishi ehtimoli haqida fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, klub rahbariyati transferlar borasida faol ish olib boryapti va hozirda bir necha nomzodlar bilan muzokara jarayoni qizg‘in davom etmoqda.

"Hali vaqtimiz bor, shu bois tarkibni kuchaytirish rejasi ustida ishlarni to‘xtatganimiz yo‘q. Ayni paytda bir nechta futbolchi bilan uchrashuvlar va kelishuv masalalari yuzasidan ishlayapmiz. Agar barcha muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topsa, transfer oynasi yopilishidan oldin yana bir nechta yangi o‘yinchi bilan shartnoma imzolashimiz mumkin", — deb ta’kidladi Mikel Arteta o‘z bayonotida.

Eslatib o‘tish joizki, Londonning nomdor klubi bu yozgi transfer davrida bir qator kuchli futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi. Ular orasida hujumda o‘ynash mahoratlari bilan tanilgan Viktor Gyokeresh, markaziy yarim himoyada o‘ziga xos o‘yin uslubiga ega Martin Subimendi, yosh va iste’dodli Noni Madueke, tajribali yarim himoyachi Kristian Norgaard, darvozabonlik mahorati bilan tanilgan Kepa Arrisabalaga hamda yosh himoyachi Kristian Moskera bor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, klub bu transferlar uchun taxminan 250 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflagan. Bu raqam "Arsenal"ning mavsum oldidan qanchalik jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganini ko‘rsatadi. Murabbiy va rahbariyatning maqsadi — yangi mavsumda yuqori natijalarga erishish va barcha frontlarda raqobatbardosh jamoa shakllantirish.

Muxlislar esa yangi transferlar va kuchaygan tarkib bilan "Arsenal"dan katta g‘alabalar kutishmoqda. Chunki bu yilgi xaridlar klubning ambitsiyasi yuqori ekanini va Yevropa arenasida ham o‘z so‘zini aytish niyati borligini anglatadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Arteta: "Arsenal"da yana yangi transferlar bo‘lishi mumkin