Superliganing 20-turidan o‘rin olgan «Nasaf» – «Surxon» (2:1) bahsidan keyin qarshiliklar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqini namoyish etib, muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
«Ikkinchi bo‘limda g‘alabaga ishtiyoqni ko‘rsatdik»
— Birinchi bo‘limda har ikki jamoa ham ehtiyotkorlik bilan harakat qildi, chunki hech kim gol o‘tkazib yubormoqchi emasdi. Ikkinchi bo‘limda esa hujumkor o‘yin orqali g‘alabaga bo‘lgan intilishimizni ko‘rsatdik. Dragan Cheranni maydonga tushirishimiz ham to‘g‘ri qaror bo‘ldi va bu g‘alabaga erishishimizga katta yordam berdi, — dedi Berdiyev.
Elit Chempionlar ligasi va chempionat maqsadlari
— Qur’ada ko‘rdingiz, bizga kuchli raqiblar tushdi. Vazifamiz bu turnirda munosib ishtirok etish va imkoniyatdan kelib chiqib keyingi bosqichlarga chiqishdan iborat. Chempionatdagi asosiy vazifa esa — titulni himoya qilish. Bu mavsum juda og‘ir o‘tyapti, chunki 5-6 ta jamoa chempionlik uchun kurashmoqda. Oddiy jamoalarga qarshi o‘ynash ham oson emas. Shu bois biz o‘z maqsadimizdan chekinmasdan, olg‘a intilishimiz kerak.
«Raqobat so‘nggi turlargacha davom etadi»
— Asosiy raqobatchi sifatida aniq bir klubni ko‘rsatish qiyin. Chunki chempionlik uchun kurash oxirgi turlargacha davom etadi, — dedi murabbiy.
«Surxon» doim kurashchan jamoa»
— «Surxon» — yosh va jonkuyar jamoa. Ular har doim yaxshi futbol ko‘rsatishga intiladi va raqiblar uchun qiyinchilik tug‘diradi. Jamoa tarkibidan yetakchilar ketgan bo‘lsa ham, o‘z uslubini yo‘qotmagan. Shuning uchun ko‘plab mutaxassislar «Surxon»ga hurmat bilan qaraydi. Ular ko‘proq to‘pni nazorat qilishga harakat qiladi, biz esa zarur pallalarda bosim qilishga urindik. Ehtimol, ular bugun «Nasaf»ning salohiyatidan cho‘chib o‘z o‘yinini ko‘rsata olmagandir, lekin 2:0dan keyin o‘z uslubini namoyish etishga harakat qilib, vaziyatlar yaratdi, — deya xulosa qildi Berdiyev.
Berdiyev so‘zlariga ko‘ra, «Nasaf» jamoasi o‘z maqsadlaridan og‘ishmay, oldindagi uchrashuvlarda ham yuksak natijalarga erishish uchun harakatini davom ettiradi.
Ro‘ziqul Berdiyev «Nasaf»ning g‘alabasi haqida nimalar dedi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar