Ertaga Elit OCHLning navbatdagi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda Qarshining "Nasaf" jamoasi o‘z maydonida Saudiya Arabistonining "Al Hilol" klubini qabul qiladi. Uchrashuvdan avval mehmonlar bosh murabbiyi Simone Indzagi va futbolchi Markos Leonardo fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Barchaga xayrli kech. Biz Qarshiga 2-tur o‘yinida ishtirok etish uchun keldik. "Nasaf" yaxshi jamoa. "Nasaf" qanchalik kurash taqdim eta olishini Jiddada namoyish etdi. Tarkib ham ancha kuchli, ayniqsa individual jihatdan kuchli o‘yinchilar", - dedi Simone Indzagi.
"O‘yin qiyin bo‘lishini kutyapman. "Nasaf" jiddiy raqib va ertangi uchrashuv biz uchun boshqacha bo‘ladi. Sababi bu Saudiya chempionatidagi navbatdagi o‘yin emas. Bu Elit OCHL. Ertaga yaxshi natija qayd etish uchun borimizni beramiz", - dedi Markos Leonardo.
- Jamoangizning Saudiya chempionatiga tayyorgarligi bilan OCHL o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish tizimi farq qiladimi? Qaysi musobaqa siz uchun muhimroq?
- Menga barcha musobaqalar muhim. Farqi yo‘q, chempionatmi yoki Kubok yoki OCHL. Men musobaqalarni ajratmayman va barchasiga kurashaman.
- Darvin Nunesni Qarshiga olib kelmadingiz. Nunes hali jamoa o‘yiniga to‘liq moslashib ulgurmadi desak bo‘ladimi?
- Nunesning tizzasida jarohati bor. U FIFA kunlarida tezroq safga qaytib oladi degan umiddaman.
- Saudiya Arabistoni terma jamoasi so‘nggi vaqtlarda kuchsizlanib qolgandek. Bunga sabab, Saudiya klublarining yaxshi legionerlarni o‘z safiga qo‘shib olishidanmi? Ushbu jihatlar bir-biriga bog‘liq deb o‘ylaysizmi?
- Saudiya Arabistoni chempionati darajasi juda yaxshi deb o‘ylayman. Klublar kuchli va tashkiliy ishlar yaxshi. Terma jamoaga kelsak, ularni ham kuzatishni boshladim. Terma jamoa bosh murabbiyi bilan tanishmiz. Saudiya Arabistoni terma jamoasining so‘nggi ikki uchrashuvini tomosha qildim.
- Markos Leonardo o‘tgan o‘yinda qaydnomada emas edi. Ertangi bahsdan oldin esa u qaydnomadan joy oldi, ammo Joao Kanselu qaydnomadan tushib qoldi. Shu haqda fikr bildirsangiz.
- Bu normal holat. Ikki xil turli holat. Men boshida qaydnomada bo‘lmasam kerak va safarga bormayman deb o‘ylagandim, ammo hozir men tarkibdaman va safarga keldim. Bu imkoniyatdan maksimal foydalanmoqchiman.
- Ushbu musobaqadagi "Al Hilol"ning maqsadi qanday va boshqa da’vogarlarning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Barcha jamoalarni o‘rganib va kuzatib bormoqdamiz. "Duhail" bizning birinchi raqibimiz edi, endi esa "Nasaf"ga qarshi o‘ynaymiz. "Al Hilol" ushbu musobaqada g‘alaba qozonish uchun borini beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!