Sherxan Kalmurza “Real”ga qarshi o‘yin oldidan kuchli bayonot berdi

18 yoshli “Qayrat” darvozaboni Sherxan Kalmurza “Real”ga qarshi o'yin klub va Qozog'iston sharafi uchun katta ahamiyatga ega ekanini aytdi. U raqib maqomi qanchalik yuqori bo'lmasin, jamoa o'z uslubi va o'yinini ko'rsatishi kerakligini ta'kidladi. Aleksandr Zarutskiy va Temirlan Anarbekov jarohat olgani sabab Kalmurza asosiy tarkib darvozaboniga aylandi. “Qayrat” va “Real” uchrashuvi 30-sentyabr kuni Olmaotadagi “Markaziy” stadionda Toshkent vaqti bilan 21:45 da boshlanadi.
Qozog‘iston futboli tarixida muhim sahifalardan biriga aylanishi mumkin bo‘lgan uchrashuv arafasida “Qayrat”ning yosh va iqtidorli posboni Sherxan Kalmurza jurnalistlar bilan suhbatda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
18 yoshli darvozabonning ta’kidlashicha, Chempionlar Ligasining 2-turidan o‘rin olgan “Real”ga qarshi bellashuv nafaqat klub, balki butun mamlakat sharafi uchun juda katta ahamiyatga ega.
— Bu o‘yin biz uchun ulkan mas’uliyat hisoblanadi. Chunki biz nafaqat “Qayrat” sharafini, balki Qozog‘istonning nomini ham himoya qilamiz. O‘ylaymanki, butun MDHdagi futbol muxlislari bizga qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatadi. Biz esa o‘z navbatida Qozog‘istonda ham iste’dodli futbolchilar yetishib chiqishini, futbolimiz e’tibor va hurmatga arzishini namoyish etishimiz shart. Raqibning maqomi qay darajada yuqori bo‘lmasin, asosiysi – o‘z uslubimiz va o‘yinimizni ko‘rsata olishimizdir, — dedi yosh posbon.
Sherxan Kalmurza jamoada Aleksandr Zarutskiy va Temirlan Anarbekov turli jarohatlar sabab maydonga chiqolmay qolganidan keyin asosiy tarkib darvozaboniga aylandi. Yigitning jasorati va o‘z ishiga bo‘lgan ishtiyoqi muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
E’tiborga molik jihati shundaki, “Qayrat” va “Real” o‘rtasidagi bu uchrashuv Olmaotadagi “Markaziy” stadionda 30-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:45 da start oladi.
Muxlislar yosh posbonning “Real”dek jahon gigantiga qarshi qay darajada o‘ynashini katta qiziqish bilan kutmoqda. Sherxan esa bu imkoniyatdan foydalanib, o‘zini katta sahnada namoyish qilish niyatida.































Izohlar 0
…