date

Indzagi “Nasaf” haqida gapirdi, Leonardo g‘alaba sirini ochdi

Indzagi “Nasaf” haqida gapirdi, Leonardo g‘alaba sirini ochdi

Elit Osiyo Chempionlar ligasi 2-turidan o‘rin olgan bahsda Qarshi shahridagi “Markaziy” stadion guvoh bo‘lgan uchrashuv futbol ishqibozlari kutganidek juda shiddatli va dramatik kechdi. “Nasaf” va Saudiya Arabistonining mashhur klubi “Al-Hilol” o‘rtasidagi keskin bellashuv 3:2 hisobida saudiyaliklarning foydasiga yakunlandi.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Simone Indzagi va jamoa hujumchisi Markos Leonardo matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob qaytarishdi. Ular nafaqat o‘yin haqida, balki raqib to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini bildirishdi.

Simone Indzagi so‘zini minnatdorchilik bilan boshladi:

— Hammaga rahmat. O‘yin juda yuqori sur’atda kechdi. Yakunda g‘alabani ilib ketdik. “Nasaf” ham o‘ziga yarasha juda kuchli o‘yin ko‘rsatdi va ikki bor to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Futbolchilarimning yaxshi sport formasida ekanini alohida qayd etaman, — dedi u.

Undan “Nasaf”ni Yevropadagi qaysi jamoaga qiyos qilish mumkinligi so‘raldi. Murabbiy aniq bir nom keltirmasa-da, qarshiliklarning shakllangan va tizimli tarzda o‘ynayotganini e’tirof etdi:

— Jiddadagi ilk bahsda ham, bugungi uchrashuvda ham jamoa o‘yini menga yoqdi. “Nasaf” keyingi turlarda barcha raqiblar uchun jiddiy bosh og‘riqqa aylanishi mumkin, — deya ta’kidladi Indzagi.

Shuningdek, u maydon holati va muvaffaqiyatsiz vaziyatlar haqida ham to‘xtalib o‘tdi:

— Bizda juda ko‘p imkoniyatlar bo‘ldi, ammo barchasidan unumli foydalana olmadik. Shu bilan birga, raqibning gollari tasodif emas, mehnat evaziga keldi. Barcha muammolarni tahlil qilamiz.

Murabbiy “Nasaf” tarkibidan eng ko‘p taassurot qoldirgan futbolchi sifatida darvozabonni tilga oldi:

— U bugun o‘zini juda ishonchli ko‘rsatdi, bir necha vaziyatlarda golni aniq qutqarib qoldi, — dedi Indzagi.

Braziliyalik hujumchi Markos Leonardo esa jamoaning o‘yini va g‘alaba sirini sharhladi:

— Hammaga xayrli kech. Juda ko‘p imkoniyatlar yaratdik va yakunda muhim to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Jamoadoshlarim barcha salohiyatini ko‘rsatdi va o‘yinni to‘liq nazorat qilishga harakat qildi, — dedi u.

Bellashuvdan so‘ng ayni paytda har ikki jamoa muxlislari uchun ham turli his-tuyg‘ular uyg‘ondi. “Nasaf” mag‘lubiyatga qaramay, o‘z kuchini namoyon etdi. “Al-Hilol” esa murabbiy Indzagi va hujumchi Leonardo so‘zlaridagiday, g‘alabaga intilish va so‘nggi daqiqalargacha bo‘lgan kurashuvchanlik hisobiga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Indzagi “Nasaf” haqida gapirdi, Leonardo g‘alaba sirini ochdi