
O‘zbekiston milliy terma jamoasi yaqin kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarida tashkil etiladigan nufuzli “Al Ayn xalqaro kubogi” musobaqasida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Turnirda jahon chempionatida ishtirok etadigan to‘rt milliy jamoa — O‘zbekiston, Eron, Misr va Kabo-Verde terma jamoalari maydonga tushadi. Bu musobaqa jahon darajasidagi jamoalar fonida kuch sinovidan o‘tish, yangi taktik yechimlarni sinab ko‘rish va jahon chempionati oldidagi tayyorgarlikni mustahkamlash uchun muhim sinov sifatida qaralmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi musobaqadagi ilk bahsini 14-noyabr kuni Misrga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yin katta qiziqish bilan kutilyapti, chunki afrikalik raqib o‘zining jismoniy kuch va tezkor harakatlari bilan mashhur. Bir kun oldin, 13-noyabrda, ikkinchi yarim finalda Eron Kabo-Verde bilan kuch sinashadi.
Turnir formatiga ko‘ra, g‘olib jamoalar 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan finalda o‘zaro bahs olib borishadi. Mag‘lub bo‘lgan jamoalar esa 17-noyabr kuni 3-o‘rin uchun bellashadi. Barcha uchrashuvlar BAAning “Hazza bin Zayed” stadionida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro musobaqa oldidan jamoaga ruhiy tayyorgarlik muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, jahon chempionatiga yo‘llanma qo‘lga kiritilgani bilan befarqlikka yo‘l qo‘yish mumkin emas. “Biz har bir bahsda o‘z so‘zimizni aytishimiz kerak, raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, faqat g‘alaba uchun maydonga chiqamiz”, — degan Kannavaro.
Bu turnir O‘zbekiston uchun nafaqat xalqaro nufuzni oshirish, balki yosh futbolchilarga tajriba to‘plash imkonini beruvchi muhim maydon bo‘lishi kutilmoqda. Muxlislar esa jamoadan fidoyilik, yangi g‘alabalar va kuchli raqiblarga qarshi munosib o‘yin kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!