
Yarim o‘rta vazn toifasida UFC chempioni hisoblangan Islom Maxachev yengil vazn reytingida birinchi o‘rinda borayotgan Arman Sarukyan nega haligacha chempionlik jangiga chiqarilmayotgani haqida ochiq fikr bildirdi.
Rossiyalik jangchining aytishicha, bu holat ular o‘rtasida rejalashtirilgan, ammo amalga oshmay qolgan jang bilan bevosita bog‘liq. Maxachevning ta’kidlashicha, Los-Anjelesda o‘tishi kerak bo‘lgan katta turnir oldidan barcha e’tibor aynan shu to‘qnashuvga qaratilgan edi. Biroq Arman Sarukyanning jarohat sabab bahsdan chiqib ketishi uning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
— O‘sha vaziyat Arman uchun katta “minus” bo‘ldi. Menimcha, Dana Uayt bundan juda norozi bo‘lgan. Hozir faqat Sarukyan emas, balki boshqa ayrim jangchilar ham shu voqea oqibatida qiyinchiliklarga duch kelyapti, — dedi Maxachev “Ushatayka” nashriga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, Islom Maxachev o‘z pozitsiyasini ham ochiq aytdi. Uning fikricha, sport tamoyillari nuqtayi nazaridan Arman Sarukyan kamar uchun kurashishga eng munosib jangchilardan biri hisoblanadi.
— Agar xolis baho beradigan bo‘lsam, Arman chempionlik jangiga boshqalardan ko‘ra ko‘proq loyiq, — deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, Maxachev va Sarukyan 2025 yil 18 yanvar kuni UFC 311 turniri doirasida oktagonga chiqishi kerak edi. Ammo Armanning bel qismidagi jarohat sabab ushbu jang bekor qilingan va Islom braziliyalik Renato Moykanoga qarshi chiqishga majbur bo‘lgandi.
Bu voqea UFC ichidagi chempionlik navbati qanday shakllanayotganini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Kelajakda Sarukyanga imkoniyat beriladimi yoki yo‘q — bu savol hali ochiq qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.