Starlink Panamada toʻgʻridan-toʻgʻri smartfonlar uchun sunʼiy yoʻldosh aloqasini ishga tushirdi

Starlink Panamada toʻgʻridan-toʻgʻri smartfonlar uchun sunʼiy yoʻldosh aloqasini ishga tushirdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Panamada Starlink, mahalliy MasMovil (+Móvil) operatori bilan hamkorlikda, qo'shimcha uskunalar talab etmaydigan, to'g'ridan-to'g'ri smartfonlar uchun sun'iy yo'ldosh aloqasi xizmatini ishga tushirdi.
  • Ushbu +Más | Starlink xizmati, Direct-to-cell texnologiyasi asosida ishlaydi va an'anaviy uyali aloqa signali yetib bormaydigan olis hududlarda SMS, messenjerlar va raqamli xaritalardan foydalanish imkonini beradi.

Panama Respublikasida Starlink kompaniyasi mahalliy MasMovil (+Móvil) operatori bilan hamkorlikda yangi avlod mobil sunʼiy yoʻldosh aloqasi xizmatini yoʻlga qoʻydi. Ixbt.com nashrining xabar berishicha, +Más | Starlink deb nomlangan ushbu xizmat asosan olis togʻli hamda orol hududlarida, shuningdek, anʼanaviy uyali aloqa signali yetib bormaydigan joylarda barqaror aloqani taʼminlashga qaratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Mazkur loyiha Direct-to-cell texnologiyasi asosida ishlaydi va qoʻshimcha uskunalar hamda sunʼiy yoʻldosh terminallarini talab etmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri oddiy smartfondan foydalanish imkonini beradi. Foydalanuvchilar oddiy LTE tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlaydigan oʻzlari uchun qulay boʻlgan qurilmalar orqali aloqaga chiqishlari mumkin boʻladi.

Birinchi bosqich imkoniyatlari

Ishga tushirish jarayonining boshlangʻich bosqichida abonentlarga eng zarur funksiyalar taqdim etiladi. Xususan, foydalanuvchilar internet messenjerlari orqali xabar almashish, SMS yuborish hamda raqamli xaritalardan muammosiz foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Yangi xizmat mavjud yerusti aloqa tarmoqlarini toʻldirib, infratuzilma rivojlanmagan hududlarda ham bazaviy aloqani kafolatlaydi. Bu esa ayniqsa favqulodda vaziyatlarda va olis hududlarga sayohat qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Kelgusidagi rejalar va istiqbollar

Hozircha +Más | Starlink xizmatining narxi eʼlon qilingani yoʻq. Uning mavjud +Móvil tariflariga kiritilishi yoki alohida haq evaziga taklif etilishi hozircha nomaʼlumligicha qolmoqda.

Shunga qaramay, operator kelgusida Starlink V2 avlodidagi yangi sunʼiy yoʻldoshlardan foydalanishni rejalashtirgan. Bu esa tarmoq oʻtkazuvchanligini sezilarli darajada oshirib, Panama hududini yanada kengroq qamrab olish imkonini beradi.

Taʼkidlash joizki, Starlink avvalroq Yaponiya operatori au (KDDI) bilan hamkorlik qilishini eʼlon qilgan edi. Mazkur loyiha Osiyo mintaqasida Starlink Mobile V2 sunʼiy yoʻldoshlarini joriy etgan ilk keng koʻlamli tashabbus boʻlishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar