Arbeloa Vinisius atrofidagi mojaroga munosabat bildirdi

Madridning «Real» jamoasi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Chempionlar ligasida «Benfika»ga qarshi bahsda yuzaga kelgan irqchilik mojarosi haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuv davomida Vinisius Junior hakamga «Benfika» vingeri Janluka Prestianni tomonidan o'ziga nisbatan irqchilik haqorati aytilganini ma'lum qildi. Braziliyalik futbolchi hatto maydonni tark etishni ham o'ylab ko'rdi, biroq yakunda o'yinni davom ettirdi.
«Buni Prestiannining o'zidan so'rang. Nima bo'lganini hamma ko'rdi. U og'zini futbolkasi bilan yopdi, demak javobni undan izlang», — dedi Arbeloa Amazon Prime'ga bergan intervyusida.
Murabbiy Vinisiusni to'liq qo'llab-quvvatlashini ta'kidladi: «Albatta, biz Vinini to'liq qo'llab-quvvatlaymiz. Irqchilikka qarshi kurashish kerak, bu ayniqsa futbolchilarga taalluqli», — deya qo'shimcha qildi u.
Mojaroli vaziyatdan biroz oldin Vinisius gol urib ulgurgan va o'sha gol o'yinda yagonaligicha qolgan. «Benfika» tomoni vakillari, jumladan Joze Mourinyu, hujumchining golni nishonlashini hurmatsizlik sifatida baholagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!