Krishtianu Ronaldu “An-Nasr” tarixida yangi rekord o‘rnatdi!

41 yoshli Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni futbol maydonlarida o‘z nomini yana-da mustahkamlab, tarixni qayta yozishda davom etmoqda. Saudiya Professional ligasining 28-turida “An-Nasr” safarda “Al-Uxdud”ga qarshi bahs olib bordi.
Uchrashuvning 15-daqiqasida portugaliyalik yulduz hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Bu gol Ronalduning “An-Nasr” safidagi 124-goli bo‘lib, u klub tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylandi.
Avvalgi rekord 123 gol bilan Muhammad As-Saxlaviyga tegishli edi. Shu bilan Ronaldu “An-Nasr”ning 68 yillik tarixida eng sermahsul o‘yinchi sifatida yangi bosqichni qayd etdi.
Bundan tashqari, futbol afsonasi o‘zining professional faoliyatidagi umumiy gollar sonini 968 taga yetkazib, yana bir ulkan yutuqqa erishdi. Hozirgi kunda futbol jamoatchiligi uning 1000 gollik marraga qachon yetishi mumkinligini katta qiziqish bilan kuzatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “An-Nasr”ga qo‘shilishdan oldin Ronaldu Yevropaning “Sporting”, “Manchester Yunayted”, “Real Madrid” va “Yuventus” kabi yirik klublarida faoliyat olib borgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!