Ordos tatamisida o‘zbekistonlik dzyudochilar medallarga ega bo‘ldi

Xitoyning Ordos shahrida o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining ikkinchi kun bellashuvlari o‘z nihoyasiga yetdi. Ushbu kun O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi — sportchilarimiz yana medallar jamg‘armasini boyitishga erishdi.
Musobaqaning ikkinchi kuni yakuniga ko‘ra, yurtimiz vakillari 1 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi. Ayniqsa, -70 kg vazn toifasida yurtimiz nomini himoya qilgan Shirinjon Yo‘ldosheva alohida eʼtiborga loyiq chiqish qildi. U qo‘lidagi jarohatga qaramasdan final bahsida tatamiga chiqib, oxirigacha kurashdi va natijada kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu uning matonati va irodasini yana bir bor namoyon qildi.
Shu vaznda yana bir vakilamiz Xurshida Razzoqberdiyeva ham munosib ishtirok etdi. U yarim finalda aynan Yo‘ldoshevaga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, bronza uchun bellashuvda o‘zini qo‘lga olib, Xitoy Taypeyi sportchisi Yu-Jung Liaodan ustun keldi va uchinchi o‘rinni egalladi.
Shu tariqa, ikki kunlik bahslar yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston terma jamoasi umumiy hisobda 3 ta kumush va 2 ta bronza medalga ega bo‘lib turibdi. Bu natija jamoaning musobaqada barqaror va ishonchli ishtirok etayotganini ko‘rsatmoqda.
Kumush medallar:
-48 kg: Laziza Haydarova
-52 kg: Sita Kadambayeva
-70 kg: Shirinjon Yo‘ldosheva
Bronza medallar:
-60 kg: Samariddin Qo‘chqorov
-70 kg: Xurshida Razzoqberdiyeva
Qayd etish joiz, ertaga musobaqada og‘ir vazn toifalaridagi dzyudochilar tatamiga chiqadi. Aynan shu yo‘nalishda ham yurtimiz vakillaridan yangi medallar kutilayapti. Muxlislar esa navbatdagi bahslarda ham g‘alabalar davom etishiga umid qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!