Arteta ochiqladi: «Arsenal»dagi birdamlik chempionlikka yetaklamoqda

Londonning “Arsenal” klubi bu mavsum nafaqat maydondagi natijalari, balki jamoa ichidagi muhiti bilan ham ko‘pchilik e’tiborini tortmoqda. “To‘pchilar” bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoadagi o‘zaro ishonch va birdamlik haqida ta’sirli fikr bildirdi. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano ma’lum qildi.
Artetaning aytishicha, ayrim futbolchilarni asosiy tarkibdan chetda qoldirishga to‘g‘ri kelgan vaziyatlarda u shaxsan ular bilan suhbatlashgan va qarorini tushuntirgan.
— Ba’zi futbolchilarning oldiga borib: “Uzr, «Fulhem»ga qarshi aynan shu tarkibni tushirishga qaror qildim”, dedim. Ular esa: “Murabbiy, sizga qachon kerak bo‘lsak, doim tayyormiz”, deb javob berishdi va meni quchoqlashdi, — dedi Arteta.
Ispaniyalik mutaxassisning ushbu so‘zlari muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki so‘nggi yillarda “Arsenal”da shakllangan muhit va futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlar jamoaning asosiy kuchlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Futbol tahlilchilari fikricha, chempionlik uchun kurashadigan klublarda nafaqat kuchli tarkib, balki ichki muhit ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. “Arsenal”da esa aynan shu jihat hozir yuqori darajaga chiqqan.
Ayniqsa, mavsumning hal qiluvchi pallasida zaxirada qolayotgan futbolchilarning ham murabbiy qarorlarini hurmat qilishi jamoadagi professional muhitni ko‘rsatmoqda.
Hozirda “Arsenal” Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi. Londonliklar asosiy raqobatchi “Manchester Siti”dan 4 ochko oldinda bormoqda va chempionlik uchun jiddiy kurash olib bormoqda.
Mikel Arteta boshchiligidagi jamoa bu mavsum barqaror o‘yin, yuqori intizom va jamoaviy ruh bilan ajralib turmoqda. Ko‘pchilik mutaxassislar aynan shu omillar “Arsenal”ni so‘nggi yillardagi eng kuchli holatiga olib kelganini ta’kidlamoqda.
London muxlislari esa uzoq yillik kutilgan chempionlik orzusi amalga oshishi mumkinligiga tobora ko‘proq ishonmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!