PSJ tarix yozmoqchi: Luis Enrike "Arsenal"ni hurmat qildi

Yevropa Chempionlar ligasining joriy mavsumi hal qiluvchi pallaga kirib bormoqda. Final yo‘llanmasi uchun kechgan keskin va murosasiz bahslardan keyin Fransiyaning “PSJ” hamda Angliyaning “Arsenal” klublari bosh sovrin uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritdi. Parijliklar bosh murabbiyi Luis Enrike esa bo‘lajak to‘qnashuv oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Ispaniyalik mutaxassisning ta’kidlashicha, bu mavsum uning jamoasi uchun oson kechmagan. Ayniqsa, qur’a natijalari va pley-off bosqichidagi raqiblar “PSJ”ni doimiy ravishda jiddiy sinovlarga duchor qilgan.
— Nazarimda, bizga eng qiyin yo‘l tushdi. Lekin shunday bo‘lsa-da, jamoa xarakter ko‘rsatdi. Endi yana bir finalda o‘ynaymiz. Bu klub uchun tarixiy imkoniyat, — dedi Enrike.
Murabbiyning fikricha, o‘tgan mavsumda boshlangan katta loyiha hozir o‘z samarasini bermoqda. U “PSJ” nafaqat g‘alaba qozonish, balki klub muxlislariga unutilmas hissiyotlar taqdim etishni ham istayotganini ta’kidladi.
Luis Enrike bo‘lajak raqib — “Arsenal” haqida ham iliq fikr bildirdi. U londonliklar bosh murabbiyi Mikel Arteta bilan uzoq yillik munosabatlarga ega ekanini yashirmadi.
— Men Artetani juda hurmat qilaman. U hali yosh futbolchi bo‘lganida biz “Barselona”da birga o‘ynaganmiz. Bugun esa u kuchli va mukammal jamoa shakllantirdi. “Arsenal” so‘nggi yillarda juda katta o‘sish qildi va bu bejiz emas, — dedi Enrike.
Shu bilan birga, tajribali murabbiy final favoriti haqida aniq fikr bildirishdan tiyildi. Uning aytishicha, hal qiluvchi bahs juda og‘ir kechadi, ammo “PSJ” o‘z o‘yin uslubi va imkoniyatlariga ishonmoqda.
— Qiyin o‘yin bo‘lishi aniq. Lekin biz o‘z falsafamizga ishonamiz. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, oxirigacha kurashamiz, — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, “PSJ” yarimfinalda Germaniyaning “Bavariya” klubini ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra mag‘lub etdi. Parijdagi birinchi bahs 5:4 hisobida yakunlangan bo‘lsa, javob o‘yinida 1:1 hisobi qayd etildi. “Arsenal” esa Ispaniyaning “Atletiko” jamoasini musobaqadan chiqarib yubordi.
Endi butun futbol olami intiqlik bilan kutgan final bellashuvida ikki ulkan klub Yevropa taxti uchun maydonga chiqadi. Bu bahs nafaqat sovrin, balki tarix uchun ham kechishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!