date

Chempionlar Ligasi finalida tarixiy ispan murabbiylari to‘qnashuvi

Yevropa futbolida yana bir tarixiy voqea ro‘y berish arafasida. Chempionlar Ligasi va sobiq Yevropa Chempionlar Kubogi musobaqasi tarixida ilk bor hal qiluvchi finalda ikki ispaniyalik murabbiy boshqarayotgan jamoalar o‘zaro to‘qnash keladi.

Jurnalist Pedro Martin ma’lumotiga ko‘ra, bu safargi finalda Luis Enrike boshchiligidagi Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klubi hamda Mikel Arteta qo‘l ostidagi Angliyaning “Arsenal” jamoasi maydonga tushadi. Bu esa nafaqat klublar, balki ispan murabbiylik maktabi uchun ham katta voqea sifatida baholanmoqda.

Luis Enrike so‘nggi yillarda “PSJ”da yangi va jangovor jamoa qurishga erishdi. Parijliklar bu mavsum Yevropa arenasida juda ishonchli harakat qildi va yarimfinalda Germaniyaning “Bavariya” klubini musobaqadan chiqarib yubordi.

Mikel Arteta esa “Arsenal”ni yana Yevropaning eng kuchli klublari qatoriga qaytardi. Londonliklar so‘nggi bir necha yilda katta o‘sishga erishib, nihoyat Chempionlar Ligasi finaligacha yetib kelishdi.

Qiziq jihati shundaki, bugungacha Chempionlar Ligasi va Yevropa Chempionlar Kubogi finallarida bir mamlakat vakillari bo‘lgan murabbiylar o‘rtasidagi qarama-qarshilik atigi to‘rt marta kuzatilgan.

1979 yilda angliyalik Brayan Klaf boshqargan “Nottingem Forest” va Bob Hafton boshchiligidagi “Malmyo” finalda uchrashgan. 2003 yilda italiyalik mutaxassislar Marchello Lippi va Karlo Anchelotti boshqaruvidagi “Yuventus” hamda “Milan” o‘zaro bahs olib borgan.

2013 yilda nemis murabbiylari Yurgen Klopp va Yupp Xaynkes boshchiligidagi “Borussiya Dortmund” hamda “Bavariya” finalda maydonga tushgan bo‘lsa, 2020 yilda nemis futboli vakillari Tomas Tuxel hamda Hans-Diter Flik boshqargan “PSJ” va “Bavariya” hal qiluvchi bahsda ishtirok etgan.

Endi esa tarixda birinchi marta ikki ispaniyalik murabbiy Chempionlar Ligasi bosh sovrini uchun o‘zaro kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, “PSJ” — “Arsenal” final bahsi 30 may kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahridagi mashhur “Pushkash Arena” stadionida bo‘lib o‘tadi. Futbol muxlislarini taktik jihatdan juda qiziqarli va murosasiz bellashuv kutayotgani shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Chempionlar Ligasi finalida tarixiy ispan murabbiylari to‘qnashuvi