Kapadze «Navbahor»dagi muammolar va yangi transferlar haqida gapirdi

Kapadze «Navbahor»dagi muammolar va yangi transferlar haqida gapirdi
Qisqacha

«Navbahor» bosh murabbiyi Temur Kapadze «Surxon» ustidan 1:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng jamoa 3 ochko olgani va muxlislarni xursand qilganini aytdi. U asosiy tarkib o‘yinchilarining bir-biriga moslashgani sababli rotatsiya qilinmayotgani, uchrashuvda charchoq va xatolar kuzatilganini bildirdi. Kapadze tarkibni kuchaytirish niyati borligini, biroq ayrim futbolchilarning amaldagi shartnomalari vaziyatni murakkablashtirayotganini ta'kidladi.

O‘zbekiston Superligasining 16-turidan o‘rin olgan bahsda «Navbahor» o‘z maydonida «Surxon»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvdan so‘ng namanganliklar bosh murabbiyi Temur Kapadze matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin va jamoadagi so‘nggi yangiliklar haqida atroflicha fikr bildirdi.

Murabbiy o‘z so‘zini marhum ishqiboz xotirasiga ta’ziya bildirish bilan boshladi hamda tarkib rotatsiyasi, jarohat olgan futbolchilar holati va transferlar mavzusiga to‘xtalib o‘tdi.

Fan-klub sobiq rahbarining vafoti va o‘yin haqida

Temur Kapadze machtdan so‘ng o‘ziga yetgan og‘ir xabar haqida to‘xtalib, jamoa nomidan ta’ziya izhor qildi:

"Birinchi navbatda hozirgina xabarim bo‘ldi, «Navbahor» muxlislarining oldingi raisi Abdullo aka vafot etibdi. Jamoa nomidan ta’ziya bildiramiz, joylari jannatdan bo‘lsin. U ashaddiy muxlislarimizdan biri edi.

O‘yinga kelsak, juda qiyin kechdi. «Surxon» hech kimga osonlikcha taslim bo‘lmayapti, to‘p bilan yaxshi muomala qiladi. O‘tgan o‘yindagi 5 ta goldan so‘ng futbolchilarda biroz bo‘shashish ehtimoli bor edi, ularni ogohlantirgandim. Asosiysi — 3 ochkoni qo‘lga kiritdik va muxlislarni xursand qildik."

Nega asosiy tarkibda rotatsiya qilinmayapti?

So‘nggi uchta turda asosiy tarkib deyarli o‘zgarmagani yuzasidan berilgan savolga murabbiy shunday javob berdi:

  • Maromiga tushgan tarkib: "Jamoa ritmda yaxshi ketyapti. Futbolchilar bir-biriga moslashib olishgani sababli tavakkal qilmadik.

  • Charchoq omili: O‘tgan o‘yindan keyin bugun ko‘pchilikda charchoq sezildi. Xatolar va xavotirli vaziyatlar bo‘ldi, ammo bu futbolda tabiiy hol. Tahlil qilish uchun yaxshi o‘yin bo‘ldi."

Transferlar va Abdulla Abdullayevning qaytishi

Murabbiy tarkibni kuchaytirish hamda jarohatlangan yetakchilarning holati haqida ham to‘xtaldi:

Yangi futbolchilar haqida: "Tarkibni yana kuchaytirish niyatimiz bor edi, ammo ayrim futbolchilarning amaldagi shartnomasi borligi uchun vaziyat murakkablashdi. Ammo hozirgi tarkib ham oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga to‘liq qodir."

Abdulla Abdullayev qachon qaytadi?: "Kutyapmiz, u jamoamizga katta kuch beradi. Milliy jamoa safida Portugaliyaga qarshi o‘yinda jarohat olgandi. Ancha vaqt o‘tdi, hozir individual shug‘ullanmoqda va asta-sekin jamoaga qo‘shiladi."

«Namangandagi muhit — boshqacha aura»

Toshkentdagi o‘yinlardan so‘ng Namanganga qaytish jamoaga qanday ta’sir qilgani haqida Kapadze to‘lqinlanib gapirdi:

"Bu tamoman boshqacha muhit. O‘zimizni muxlislar qarshisida o‘ynash, ularning daldasini sezish futbolchilarga katta ishonch va qayfiyat bag‘ishlaydi. Shuncha ishqiboz kelishi — bu haqiqiy bayram. «Navbahor» muxlislari faqat g‘alabalarga loyiq va biz ularni xursand qilishda davom etamiz!"

Fikringizni izohda qoldiring va maqolani tanishlaringizga Telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ulashing!

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar