Sami Khedira Lamine Yamalning kiyinish uslubini tanqid qildi

Barselona yulduzi Lamine Yamal jarohati sababli Real Madridga qarshi kechgan El Klasiko bahsini maydon chetidan kuzatishga majbur bo'ldi. Uchrashuv davomida DAZN telekanalida ekspert sifatida ishtirok etgan jahon chempioni Sami Khedira yosh futbolchining kiyinish uslubiga nisbatan keskin hazil qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ferran Torres Barselona hisobni 2:0 ko'rinishiga keltirgan pallada kameralar tribunada o'tirgan Lamine Yamalga qaratildi. Pushti rangli xudi va noodatiy sumkada ko'rinish bergan futbolchini ko'rgan Sami Khedira: "Lamine Yamal bundan zavqlanmoqda. Uning kiyinish uslubi xuddi Lennart Karlnikiga o'xshaydi", deya kinoya qildi.
Eslatib o'tamiz, Bavariya yosh futbolchisi Lennart Karl ham aprel oyida Chempionlar ligasi doirasidagi Real Madridga qarshi o'yinda shunga o'xshash pushti rangli kiyimda ko'rinish berib, jamoaning faxriy prezidenti Uli Hoeneß tomonidan tanqidga uchragan edi. Khedira aynan shu holatga ishora qildi.
Lamine Yamal aprel oyida olgan mushak jarohati tufayli mavsumning qolgan qismini o'tkazib yuboradi. Shunga qaramay, Barselona LaLiga chempionligi sari dadil odimlamoqda. Iqtidorli futbolchi joriy mavsumda barcha musobaqalarda 45 ta o'yinda maydonga tushib, 24 ta gol va 18 ta assist qayd etishga erishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!