Joao Pedro mundialdan chetda qolganiga munosabat bildirdi

«Chelsi» hujumchisi Joao Pedro Braziliya milliy jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati uchun yakuniy tarkibidan tushib qolganiga munosabat bildirdi. Forvard Karlo Anchelotti tanlovidan keyin hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi, ammo bu holat uni to‘xtatib qo‘ymasligini ta’kidladi.
Avvalroq Braziliya terma jamoasining mundial uchun yakuniy qaydnomasi e’lon qilingan, biroq Joao Pedro ushbu ro‘yxatdan joy olmagandi. Bu qaror ayniqsa uning joriy mavsumdagi ko‘rsatkichlarini hisobga olganda, muxlislar orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Hujumchi Angliya Premer-ligasining ushbu mavsumida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, 15 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu natija uning «Chelsi» hujumida muhim rol o‘ynaganini ko‘rsatadi.
Shunga qaramay, Braziliya murabbiylar shtabi yakuniy tarkibda boshqa futbolchilarga ishonch bildirgan. Joao Pedro esa bu qarorni og‘ir qabul qilgan bo‘lsa-da, ruhan tushkunlikka tushmasligini ma’lum qildi.
«Har doim maksimum kuch bilan harakat qilaman. Afsuski, orzuga yetish nasib qilmadi — jahon chempionatida ona vatanim jamoasi sharafini himoya qilish, lekin xotirjamman va doimgidek mehnat qilishda davom etaman», — deb yozdi Joao Pedro.
Futbolchi uchun Braziliya libosida Jahon chempionatida ishtirok etish katta orzu bo‘lgani aniq. Ammo uning bildirgan munosabatida alam bilan birga professionallik ham seziladi. U tanlovni qabul qilmoqda va keyingi imkoniyatlar uchun o‘z ustida ishlashda davom etmoqchi.
Qisqasi, Joao Pedro mundial tarkibidan chetda qoldi, ammo taslim bo‘lish niyatida emas. 15 golli mavsum — yomon javob emas, lekin Braziliya termasiga kirish uchun raqobat doim osmonda. Endi forvard uchun eng to‘g‘ri yo‘l — yanada kuchli qaytish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!