Kannavaro: «Kongoni mag‘lub etish uchun bor kuchimizni beramiz»

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi uchrashuv oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, bo‘lajak bahs haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Italiyalik mutaxassis raqibning tajribali va jismoniy jihatdan kuchli jamoa ekanini ta’kidladi. Shunga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasi faqat g‘alaba uchun maydonga tushishini ma’lum qildi.
«Kongo juda yaxshi jamoa. Ularda tajriba bor va futbolchilari jismoniy jihatdan yaxshi tayyorlangan. Ammo biz ularni mag‘lub etish uchun harakat qilamiz», — dedi Kannavaro.
Bosh murabbiyning fikricha, Kongoga qarshi uchrashuv avvalgi ikki o‘yindan farq qilishi mumkin. Chunki O‘zbekiston dastlabki turlarda jahon futbolidagi eng yuqori darajadagi raqiblarga qarshi maydonga tushdi.
«Ertangi o‘yin boshqacha bo‘ladi. Biz allaqachon juda yuqori saviyadagi ikki raqibga qarshi o‘ynadik. Oxirgi uchrashuv ham oson kechmadi. Biz uni batafsil tahlil qildik», — deya qo‘shimcha qildi u.
Kannavaro darvozabonlar masalasiga ham to‘xtalib, birinchi bahsda O‘tkir Yusupov yaxshi harakat qilganini ta’kidladi.
«Birinchi uchrashuvda Yusupov yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Biz shunchaki boshqa darvozabonimizga ham imkoniyat berishni xohladik. Tarkibimizda yuqori darajadagi uch nafar darvozabon bor», — dedi murabbiy.
Uning aytishicha, murabbiylar shtabi jahon chempionatida imkon qadar ko‘proq futbolchiga maydonga tushish imkoniyatini berishga harakat qilmoqda.
«Barcha futbolchilarga imkoniyat berishga intilyapman. Chunki jahon chempionatida to‘plangan bunday tajriba har bir o‘yinchi uchun juda muhim», — deya xulosa qildi Fabio Kannavaro.
O‘zbekiston terma jamoasi Kongo DRga qarshi bahsda turnirdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritish va muxlislarga munosib natija taqdim etish uchun maydonga tushadi.































Izohlar 0
…